Mirziyoyev Andijonda energiya masalasida yig‘ilish o‘tkazdi
Jamiyat
−
01 fevral 2023
8783Ijtimoiy ob’ektlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi. Unga 200 million dollar mablag‘ beriladi. Bu haqda bugun, 1 fevral kuni Andijon viloyatida Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bo‘lib o‘tgan qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish va aholi bandligini ta’minlash choralariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida elektrga talab 40 foizga ko‘paygan.
“Bunday sharoitida eng to‘g‘ri yechim qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shu bois, yig‘ilishda quyosh va shamol stansiyalari loyihalariga e’tibor qaratildi.
“Bu yil Pop va Farg‘ona tumanlarida 600 megavattli 2 ta quyosh stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Andijonda 41 ta, Namanganda 32 ta va Farg‘onada 27 ta mikro gidroelektr stansiya qurish imkoniyati bor”, deya ta’kidlagan Prezident.
Shuningdek, davlat rahbari yig‘ilishda yirik korxonalarda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, umuman, ularni elektr bilan o‘zini o‘zi ta’minlashga o‘tkazish kerakligini qo‘shimcha qildi.
“Ijtimoiy ob’ektlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi. Unga 200 million dollar mablag‘ beriladi. Kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘zi o‘rnatadi hamda byudjet korxonasiga “yashil energiya” sotadi. Shuningdek, ijtimoiy ob’ektlardagi 3 mingta eskirgan qozonlarni zamonaviy uskunaga almashtirish zarurligi qayd etildi”, deyiladi habarda.
Majlis yakunida esa energiya resurslarini iqtisod qilish choralari ko‘rsatilib, aholining quyosh energiyasidan foydalanishi uchun jozibador tizim yaratish vazifasi qo‘yildi.