Mirziyoyev Amudaryo ustida qurilgan ko‘prikni ochib berdi (video)
Jamiyat
−
29 fevral
30925Bugun, 29 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amudaryo ustidan o‘tuvchi temiryo‘l va avtomobil yo‘li qo‘shma ko‘prigini ochib berdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qo‘shma ko‘prikning ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etgan. Ramziy lenta qirqilgach, davlat rahbari jamoatchilik faollari bilan birgalikda dastlab poyezdda, shundan so‘ng avtomobilda yurib, ko‘prik sifatini ko‘zdan kechirgan.
Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan Xorazm viloyatini bog‘laydigan ushbu ko‘prik orqali eng yaqin temiryo‘l va avtomobil yo‘li qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, avtomobil orqali 2 soat, temiryo‘l orqali 6 soat vaqt tejaladi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur ko‘prikni qurish haqidagi tashabbusni Shavkat Mirziyoyev 2020 yil 13 dekabr kuni Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda ilgari surgan. Shundan so‘ng puxta loyiha ishlab chiqilib, katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan. Davlat rahbari uning qurilishini ikki bor kelib ko‘rgan.
"Orolbo‘yi mintaqasini, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasini rivojlantirish, avvalo, ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatib, murakkab vaziyatda yashayotgan aholimizga qulay sharoitlar yaratish mamlakatimiz taraqqiyot strategiyasining bosh maqsadlaridan biridir. Ilgari ham aytganimdek, Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun O‘zbekiston xalqining baxti va farovonligidir. Bugun mana shu ezgu maqsadni amalga oshirish yo‘lida yana bir ulkan qadam qo‘ymoqdamiz", degan Shavkat Mirziyoyev.
Bildirilishicha, ko‘prikning uzunligi 423 metr. U bilan birga Shovot-Qorao‘zak bekatlarini bog‘laydigan 85 kilometrlik temiryo‘l hamda 3 ta vokzal ham barpo etilgan.
"Biz birgalikda bunyod etgan bu muhtasham ko‘prik shunchaki navbatdagi infratuzilma inshooti emas. Bu ko‘prik avvalo o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi mustahkam ishonch va do‘stlik, og‘zibirlik va hamkorlik ko‘prigidir. Bu yo‘l jahonga ochilayotgan Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonning taraqqiyot va farovonlik yo‘llaridir. Mana shu azim daryoning ikki sohilida, shunday yorug‘ kunlarni orzu qilib yashab kelayotgan ming-minglab yurtdoshlarimizning umidlari ro‘yobga chiqqan tarixiy kun barchamizga muborak bo‘lsin", deydi Prezident.
Davlat rahbari og‘ir iqlim sharoitida mehnat qilgan mohir quruvchilarga, loyihachi va muhandislarga, ko‘prikni barpo etishga munosib hissa qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirgan. Aholiga qulaylik yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlangan.
Ma’lumot uchun, bugun Shavkat Mirziyoyev Urganch shahrida Xorazm viloyatini rivojlantirish bo‘yicha yaqin istiqbolga mo‘ljallangan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi