Mirziyoyev AQSHda turib Berdimuhamedovni qutladi
Jamiyat
−
22 Sentabr 6347 1 daqiqa
Bugun, 22 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, davlat rahbari Turkmaniston Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik va baxt-saodat, qardosh turkman xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.
“O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, faol siyosiy muloqot va samarali idoralararo aloqalar yo‘lga qo‘yilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.
Tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat va energetikada kooperatsiya loyihalarini ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. “Shovot-Toshovuz” savdo zonasi qurilishi yakunlanmoqda. O‘zbekistonda Hududlar forumi, ko‘rgazma, Turkmaniston madaniyati va kinosi kunlarini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari va bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqilgan.
Muloqot so‘ngida davlat rahbari Turkmaniston Prezidenti va xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklagan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev ayni damda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasi tadbirlarida ishtirok etish uchun AQSHning Nyu-York shahrida bo‘lib turibdi. Mirziyoyevning ertaga, 23 sentyabr kuni BMT minbarida nutq qilishi rejalashtirilgan.
Live
Barchasi