Mirziyoyev Afg‘onistonga yordamni ko‘paytirishga chaqirdi
Olam
−
09 noyabr 2023
4043O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamjamiyatni, xususan, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar rahbarlarini afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni ko‘paytirishga chaqirdi. U bu haqda bugun, 9 noyabr kuni poytaxt Toshkentda o‘tayotgan IHT sammitida so‘z ochdi.
Davlat rahbari nutqining Afg‘onistonga atalgan qismi avvalida, sammit ushbu davlatsiz o‘tayotganiga e’tibor qaratdi.
“Bugungi sammit tashkilotimiz a’zolaridan biri bo‘lgan Afg‘oniston ishtirokisiz o‘tayotganiga diqqatingizni qaratmoqchiman. Asrlar davomida bizga yon qo‘shni bo‘lgan ko‘p millatli Afg‘oniston xalqini bugungi murakkab muammolar qarshisida yolg‘iz qoldirib bo‘lmaydi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
U so‘zida davom etib, Afg‘onistonga nisbatan kollektiv mas’uliyat bilan yondashish kerakligini urg‘uladi.
“Ushbu mamlakatni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga faol jalb etish, barqaror taraqqiyotimizning ajralmas va zaruriy shartidir. Barchangizni afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatishni ko‘paytirishga, bu yerdagi o‘tkir ijtimoiy, iqtisodiy muammolarni kollektiv mas’uliyat va maqbul mexanizmlar asosida hal etishga chaqiraman”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.
Ma’lumot uchun, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti – a’zo mamlakatlarning iqtisodiy, madaniy, fan va texnikaviy hamkorligi bo‘yicha tashkil etilgan xalqaro mintaqaviy tashkilotdir. U 1964 yilda Eron, Pokiston va Turkiya tomonidan “Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish” nomi bilan tuzilgan.
Keyin 70-yillarda ichki mintaqaviy savdo susayib ketgani uchun o‘z faoliyatini to‘xtatgan. 1985 yilda “Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti” nomi bilan qaytadan o‘z faoliyatini boshladi. 1992 yilning 28 noyabrida Islomobod shahrida a’zo davlatlar Tashki ishlar vazirlari kengashining favqulodda yig‘ilishida Afg‘oniston, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston davlatlari IHTga a’zo bo‘lgan.
LiveBarchasi