Mirziyoyev aholi jon boshiga daromadni 4 ming dollardan oshirishga va’da berdi
Jamiyat
−
09 Sentabr 2021
14359Mirziyoyev kelgusi besh yil uchun Prezident bo‘lib saylansa, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 2030 yilgacha borib 4 ming dollardan oshirishga va’da berdi. Bu haqda u bugun, 9 sentyabr kuni o‘tayotgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X s’ezdida so‘z ochdi.
“Mavjud zaxira va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish vazifasi oldimizda turibdi (1 ming 750 dollardan 2 ming 800 dollarga).
Shu tariqa 2030 yilga borib, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirib, “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishga puxta zamin yaratgan bo‘lamiz”, deya Mirziyoyevning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda bloger Aziza Qurbonova.
Amaldagi Prezident yuqoridagi va’dalarga erishish oson vazifa emasligini ham qayd etgan.
“Albatta, bu oson vazifa emas. Bunga erishish uchun, avvalo, iqtisodiyotda ilm va innovatsiyalarga asoslangan rivojlanish hisobidan yangi texnologiyalar va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini ko‘paytirish orqali mehnat samaradorligida tub o‘zgarishlar qilishimiz shart", deydi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident, shuningdek, mis sanoatini rivojlantirish, tabiiy gazni qayta ishlash, kimyo klasterlarini tashkil qilish, geologik qidiruv ishlari hajmini keskin oshirish bo‘yicha yangi loyihalar haqida so‘zlab bergan. Unga ko‘ra, kelgusi besh yilda:
• sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat unumdorligi esa kamida 2 marta oshiriladi;
• mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2 martaga oshadi va 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarishga asos yaratiladi;
• tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 8 foizdan 20 foizga oshirish orqali kimyo sanoatida 2 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi;
• raqamli iqtisodiyotning hajmi kamida 2,5 barobarga oshirilib, 4 milliard dollarga yetkaziladi;
• har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi internetga ulanadi, magistral avtomobil yo‘llari 100 foiz mobil aloqa va internet bilan qamrab olinadi;
• xalqaro magistral internet tezligi – 5 barobarga, tumanlararo tarmoqlar tezligi – 8 barobarga oshiriladi.
LiveBarchasi