Mirziyoyev aholi gavjum joylarda xavfsizlikni kuchaytirishni buyurdi
Jamiyat
−
29 mart
14311Bugun, 29 mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch tuzilmalari rahbarlari ishtirokida jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyatining savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi yirik ob’ektlarida, shu jumladan savdo-ko‘ngilochar majmualar, bog‘lar, bozorlar va boshqa fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibini saqlash ishlarining tashkil etilishi to‘g‘risidagi hisobotlari tinglangan.
Jamoat xavfsizligiga yangi tahdid va xatarlar tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda huquqni muhofaza qilish idoralari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlangan. Shu bilan birga, jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik sub’ektlari va fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash muhimligi qayd etilgan.
Davlat rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari va tadbirkorlik sub’ektlarining bu borada to‘laqonli hamkorlik qilishini ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishga topshiriq bergan.
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyati oldiga jamoat tartibini saqlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish, aholi gavjum bo‘ladigan joylarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan terrorchilik harakatlari va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan choralarni ko‘rish vazifasi qo‘yilgan.