Mirziyoyev 31 mart kuni Turkiy kengashning norasmiy sammitida qatnashadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining (Turkiy kengash) videoanjuman shaklida o‘tadigan norasmiy sammitida ishtirok etadi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘iston tashabbusi bilan chaqirilayotgan bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvda Turkiy kengash doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish va mustahkamlash masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Davlat rahbari o‘z nutqida birlashmaga a’zo mamlakatlarning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya va madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorligini kengaytirishga doir tashabbuslarni ilgari surishi kutilmoqda.

2009 yil 3 oktyabr kuni tashkil etilgan kengashga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya a’zo. Bundan tashqari, Vengriya Turkiy kengash ishida kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi bu kengashga 2019 yilda qo‘shilgan. O‘sha yili 15 oktyabrda Bakuda bo‘lib o‘tgan sammitda mamlakatimiz ilk bor to‘la huquqli a’zo sifatida ishtirok etgan.

Turkiy tilliy mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalar va ishonchni mustahkamlash, savdo, iqtisodiyot, transport, energetika, turizm va madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikni rivojlantirish, mintaqada tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish tashkilotning asosiy maqsadlari hisoblanadi.

Turkiy kengashning oliy organi – Davlat rahbarlarining kengashi, doimiy faoliyat yurituvchi ijro organi – Istanbul shahrida joylashgan Kotibiyat.

Bundan tashqari, TTDHK shafeligida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY), Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasi (TurkPA) va Turkiy madaniyat va meros fondi, Xalqaro Turkiy akademiya va Ishbilarmonlar kengashi faoliyat yuritmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

41

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing