Mirziyoyev 1,1 milliard dollarlik IESni ishga tushirish marosimida qatnashdi
Jamiyat
−
27 noyabr 2023 13181 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 27 noyabr kuni Saudiyaning yetakchi “ACWA Power”kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan loyihalar – Sirdaryo viloyatida 1500 megavatt quvvatli zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyasini tarmoqqa ulash hamda Toshkent viloyatida “yashil vodorod”ni “pilot” tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishni boshlash marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Sirdaryodagi qiymati 1,1 milliard dollar bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi loyihasi 3 milliondan ziyod xonadon va yuzlab sanoat korxonalarining elektr energiyasiga ehtiyojini ta’minlashga imkon beradi.

“Mintaqamizda ilk bor “yashil vodorod” ishlab chiqarish bo‘yicha o‘xshashi yo‘q korxona tashkil etilmoqda. Ushbu “pilot” loyiha doirasida mamlakatimizda birinchi bosqichda 3 ming tonna vodorod ishlab chiqariladi va keyinchalik mineral o‘g‘itlarga qayta ishlanadi, shuningdek, 52 megavattlik shamol elektr stansiyasi quriladi”, deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida.
Qayd etilishicha, “ACWA Power” kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda 7,5 milliard dollarlik yirik energetika loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Ushbu loyihalarning ishga tushirilishi 2030 yilga borib 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish, 4,5 milliard kub metr gazni iqtisod qilish va atmosferaga zararli moddalar tashlanmalarini 3 million tonnagacha qisqartirish imkonini beradi.
Live
Barchasi