Mirziyoyev Hindiston rahbariyatiga hamdardlik bildirdi
Jamiyat
−
19 iyun 2022
11297Avvalroq, Hindiston shimoli-sharqidagi Assam va Megxalaib shtatlarida suv toshqinlari yuz bergani, o‘nlab odamlar qurbon bo‘lgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tabiiy ofat munosabati bilan Hindiston Prezident va Bosh vaziriga maktub yozdi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Hindistonning shimoli-sharqidagi hududlarda yuz bergan tabiiy ofatlar oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan mamlakat Prezidenti Ram Nath Kovind va Bosh vaziri Narendra Modiga hamdardlik yo‘lladi”, deydi Asadov.
Ma’lumot uchun, Assam va Megxalaib shtatlarida suv toshqinlari va ko‘chkilar qurbonlari soni 63 kishiga yetdi. Qayd etilishicha, kuchli musson yomg‘irlari oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinlari 3,1 million kishiga zarar yetkazgan. 10 ga yaqin odam, jumladan, uch nafar bola bedarak yo‘qolgan.
Assamda 4 mingga yaqin qishloq toshqin zonasida bo‘lgan, 156 ming kishi rasmiylar tomonidan yaratilgan 514 ta vaqtinchalik turar joy lagerlariga ko‘chib o‘tgan. Yomg‘ir va ko‘chkilar kamida 234 ta mahalliy yo‘l va 16 ta ko‘prikni vayron qilgan.
Hukumat raisi Narendra Modi kecha, 18 iyun kuni Assam rahbari Himanta Bisva Sarmaga qo‘ng‘iroq qilib, suv toshqini bilan bog‘liq vaziyatni o‘rgandi va markaziy hukumat jabrlangan hududlarga barcha zarur yordamni ko‘rsatishiga ishontirdi.
LiveBarchasi