Mirziyoyev ham Samarqandga yetib bordi
Jamiyat
−
02 aprel
5106O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun Samarqand shahriga yetib bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bugun, 2 aprel kuni davlat rahbari ertalab Samarqandga yetib kelgan Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta bilan norasmiy uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda.
Ertaga, 3 aprel kuni sammitda ishtirok etadigan delegatsiyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.
4 aprel kuni Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqining asosiy institutlari rahbarlari ishtirokida ko‘p tomonlama tadbirlar bo‘lib o‘tadi.
Ma’lumot uchun, Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi ilk sammit 3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Uchrashuvga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raislik qiladi va unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirok etadi. 4-5 aprel kunlari esa “Silk Road Samarkand” kongress markazida birinchi Samarqand iqlim forumi bo‘lib o‘tadi. Forumda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, BMT, xalqaro moliya institutlari va yetakchi ekologiya tashkilotlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Sammit davomida Yevroittifoq o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha sodiqligini tasdiqlashi kutilmoqda. Bular qatoriga transport va raqamli aloqa, muhim xomashyo resurslari, iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi sheriklik hamda energetik o‘tish jarayoni kiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sammit munosabati bilan Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopilishi haqida xabar berilgandi. Keyinroq esa mazkur sammit o‘tkazilishi munosabati bilan shahardagi ayrim oliy ta’lim muassasalariga 1-5 aprel kunlari qisqa muddatli o‘quv ta’tili berilishi ma’lum bo‘ldi.