Mirziyoyev ham G‘alaba paradida qatnashish uchun Moskvaga jo‘nab ketdi
Jamiyat
−
08 may 2023
15838O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan amaliy tashrif bilan Moskva shahriga jo‘nab ketdi. Bu haqda Prezident Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Tashrif dasturiga muvofiq Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 78 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etadi.
Tadbirlarda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Armaniston yetakchilari ham qatnashishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytgacha Rossiyada G‘alaba kunida Putin bilan paradni tomosha qilish uchun Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov Moskvaga yetib borgan. Shuningdek, Rossiya Prezidenti G‘alaba paradini birgalikda nishonlash uchun Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhammedovga taklif bildirgandi. Bundan tashqari, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham G‘alaba kuniga bag‘ishlangan tadbirlarda ishtirok etishi aytildi.
Shuningdek, Putin 9 may arafasida Moldova va Gruziyaning davlat rahbarlaridan tashqari barcha MDH davlat yetakchilarini tabriklagani haqida xabar qilindi.