Miraziz Bozorov sudiga jurnalistlar asossiz ravishda kiritilmayapti (video)
3-sahifa
−
20 yanvar 2022
12186Avvalroq, Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudidida LGBT himoyachisi Miraziz Bozorovga nisbatan ochilgan jinoiy ish bo‘yicha sud majlisi boshlangani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ muxbiri ushbu sud majlisida ishtirok etish uchun voqea joyiga yetib bordi.
Voqea joyidan xabar qilinishicha, sud majlisi ochiq tarzda o‘tkazilinayotganiga qaramay, unga ommaviy axborot vositalari xodimlari kiritilmayapti.
QALAMPIR.UZ muxbiri Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi binosi oldida Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi Sadoqat Allaberganova bilan nimaga ommaviy axborot vositalari xodimlari sudga qo‘yilmayotgani yuzasidan suhbatlashgan.
Jurnalistlardan kamerani o‘chirishlarini talab qilayotgan Allaberganova sud majlisiga pandemiya sabab hech kim kiritilmayotganini aytgan. Shuningdek, u agar ommaviy axborot vositalari xodimlarida manfiy PZR-test natijasi bo‘lsa, sud zaliga kiritilishini qayd etgan. Holbuki jurnalistlarga ushbu sud jarayoni haqida xabar berilganda ular faqat PZR-test natijasi bilan kiritilishi haqida aytilmagan.
Sud binosi atrofiga to‘plangan jurnalistlar Allaberganovaga yuzlanib, ochiqlik va oshkoralik prinsiplari buzilayotgani, sud go‘yo ochiq tarzda o‘tkazilib, aslida unga hech kim kiritilmayotgani, bunda esa pandemiya qurol sifatida ishlatilayotganini aytmoqda. Toshkent shahar sudlari matbuot kotibi esa bu gaplarga javob bermay, binoga kirib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, Respublikasi maxsus komissiyasining qarorida sud va boshqa jamoat joylariga PZR-test natijasi bilan kirish yuzasidan hech qanday qaror qabul qilinmagan. Shunday ekan sudlarda bu tartibni joriy qilishga kim ruxsat berdi? Qonun himoya qilinishi kerak bo‘lgan joyda qonun buzilmayaptimi?
Miraziz Bozorov ishi
2021 yilning 11 mart kuni Miraziz Bozorov TikTok’dagi sahifasi orqali LGBT himoyachilariga murojaat bilan chiqib, har juma Hazrati Imom majmuasi joylashgan maydonda to‘planish va LGBT huquqlarini himoya qilish taklifini bildirgan edi.
28 mart kuni soat 15:00 atrofida poytaxt Toshkentning Amir Temur xiyoboni atrofida jinoyat kodeksidan besoqolbozlik moddasini chiqarib yuborilishiga qarshi jamoatchilik vakillarining norozilik namoyishi bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahar IIBBga ko‘ra, 3-4 nafar fuqarolar T.S. ismli yigit va B.R. ismli qizni LGBT faollari deb gumonlab, ularni urishga harakat qilgan. Ushbu fuqarolarga 20-25 nafar boshqa shaxslar qo‘shilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, bezorilik harakatlarini sodir etgan. Voqea joyida xizmat qilayotgan Toshkent shahar IIBB va Milliy gvardiya xodimlarining aralashuvi bilan T.S. va B.R. himoya qilinib, ularga tan jarohati yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Janjalni boshlagan va faol ishtirokchisi bo‘lgan fuqarolarning 12 nafari ushlangan.
Shuningdek, 28 mart kuni taxminan soat 22:45 larda Mirobod tumani Afrosiyob ko‘chasi 21-uy oldida 3 nafar noma’lum shaxslar 1991 yilda tug‘ilgan Bozorov Miraziz Mirzajon o‘g‘lini urib, tan jarohatlari yetkazgan va voqea joyidan noma’lum tarafga yashiringan. Olgan tan jarohatlari bilan Miraziz Bozorov shifoxonaga yotqizilgan.
Tibbiyot muassasasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu fuqaroda bosh miya ochiq va yopiq jarohatlari, o‘ng qosh sohasi yirtilgan jarohati, ko‘krak qafasi va qorin sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, o‘ng oyoq boldir suyagi ochiq sinishi jarohatlari qayd etilgan.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “i” bandi (“Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
2021 yilning 1 aprel kunidan 20 aprelga qadar Toshkent shahar IIBBga fuqarolardan 28 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, unda Miraziz Bozorov internetda joylagan videolarida ushbu fuqarolarni va ularning qarindoshlarini haqorat qilgani, ularni terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikda ayblab tuxmat qilgani, milliy an’analarni oyoq osti qilib, ayollarning sha’niga putur yetkazayotgani hamda millatlararo nizo uyg‘otayotgani sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni talab qilgan.
Shuningdek, Mirobod tumani 110-son umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilaridan jamoaviy ariza kelib tushgan bo‘lib, unda Internet tarmog‘idagi mediamakonlarda mazkur maktab o‘qituvchilarining kasbiy va shaxsiy sifatlari haqida haqoratli ma’lumotlar tarqatgani va shu bilan ularning obro‘sini toptagani uchun Miraziz Bozorovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Tergovga qadar tekshiruv natijalariga ko‘ra, Bazarov Mirazizning xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismi “g” bandida (“G‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish, ya’ni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish”) nazarda tutilgan jinoyat alomatlari borligi aniqlanib jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Voqealar avjiga chiqqan bir paytda Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga yangi tahrirdagi jinoyat kodeksidan besoqolbozlik moddasini chiqarib tashlashni so‘rab, murojaat kiritgan edi. Ayni vaqtda mazkur masala siyosat va din vakillari, jamoatchilik orasida ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Deputat Rasul Kusherboyev birinchilardan bo‘lib Human Rights Watch’ning talabiga qarshi chiqdi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy esa QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida xalqaro tashkilotning O‘zbekistonga yo‘llagan ushbu murojaati va talabi davlat va xalq o‘rtasida nizo keltirib chiqarishga qaratilganini urg‘uladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari Alisher Qodirov esa mmmaviy tartibsizliklar orqali diniy cheklovlar o‘rnatilishidan manfaatdorlar borligini aytib chiqdi.
LiveBarchasi