Minskda Lukashenkoning sovg‘alar do‘koni ochildi
Olam
−
18 dekabr 2021
3551Minskda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko nomidan esdalik sovg‘alari va kiyim-kechak sotiladigan do‘kon ochildi. Bu haqda, “Pul pervogo” Telegram kanali xabar bermoqda.
Do‘kondan Lukashenkoning so‘zlaridan iqtiboslar tushirilgan kiyim-kechak va esdalik sovg‘alar sotib olish mumkin.
Savdo do‘koni “Birinchi” deb nomlangan. Qayd etilishicha, do‘konni ochish g‘oyasi Belarus rahbariga avgust oyida tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘zining aforizmlaridan misollar tushirilgan futbolkalar to‘plami sovg‘a qilinishi ortidan paydo bo‘lgan.
Xabarda aytilishicha, do‘kondagi barcha buyumlar Belarusda ishlab chiqarilgan. Kiyim modellari “Bellegprom” korxonasida tikilgan. Mahsulotlarning dizayni ustida belaruslik jurnalistlar ijod qilishgan.
Ochilish marosimiga bir necha o‘nlab odamlar tashrif buyurishgan. Ular orasida Prezident ma’muriyati rahbari o‘rinbosari Igor Lutskiy, Axborot vaziri Vladimir Persov va “Bellegprom” konserni rahbari Tatyana Luginni ham uchratish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, Belarusda Aleksandr Lukashenkoga qarshi ommaviy norozilik namoyishlarini uyushtirgan muxolifat yetakchisi Aleksandr Tixanovskiy 18 yilga qamalgan edi. "Sovetskaya Belarus" davlat gazetasining xabar berishicha, Tixanovskiy bilan birga sudlangan yana besh muxolifatchi 14 yildan 16 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan. Ular orasida 14 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan faxriy muxolif siyosatchi Mikola Statkevich ham bor.
Behruz Saidov
LiveBarchasi