Minsk guruhi Qorabog‘dan xorijiy yollanma askarlarni olib chiqishni talab qildi

Olam

image

Qorabog‘ inqirozini hal qilish bo‘yicha Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Minsk guruhiga hamrais bo‘lgan Rossiya, Fransiya va AQSH delegatsiyalari rahbarlari barcha xorijiy yollanma askarlarni Tog‘li Qorabog‘ hududidan olib chiqishni talab qildilar. Bu haqda tashkilot saytida e’lon qilingan bayonotda aytilgan.

“Minsk guruhi hamraislari barcha xorijiy yollanma askarlarning mintaqadan to‘liq va zudlik bilan chiqib ketishini talab qilmoqdalar va barcha tomonlarni bunga ko‘maklashishga chaqirishmoqda” deyiladi hujjatda.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Iv Le Drian va AQSH Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Stiven Bigan nomidan yozilgan bayonotda harbiy asirlarni almashtirish va qochqinlarni qaytarish sharoitida xalqaro gumanitar qonunchilikka rioya qilish zarurligi haqida so‘z yuritilgan. Shuningdek, Tog‘li Qorabog‘dagi tarixiy va diniy merosni himoya qilishning muhimligi ta’kidlangan.

Huquq himoyachilari va ommaviy axborot vositalari Tog‘li Qorabog‘dagi mojaroda chet ellik yollanma askarlar harakat qilgani haqida bir necha bor xabar berdi. Bu haqda Rossyai Tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin ham gapirdi. Suriyadagi inson huquqlari monitoring markazining ma’lumotlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi qurolli guruhlarning askarlari ham Ozarbayjonga yordam beradigan Turkiya, ham arman diasporasi tomonidan yollangan.

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bu kabi bayonotlarni bir necha bor rad etgan. Unga ko‘ra, biron bir ayblovchi tomon hech qanday dalil keltirmagan. Ozarbayjon yollanma askarlarga muhtoj emas, chunki mamlakat armiyasi 100 mingdan ortiq jangchilardan iborat, deya ta’kidlgan Aliyev.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonot imzoladilar.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

85

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing