Minglab ozarbayjonliklar qirg‘iniga qaramay, tinchlik yo‘lini tanladik – Rasmiy Baku

Olam

image

Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi Armaniston TIVning Baku mintaqada tinchlik va barqarorlikdan manfaatdor emasligi va xalqaro huquqni buzayotgani haqidagi bayonotlarini rad etdi. 

TIV Armaniston tomoni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning G‘arbiy Ozarbayjon hamjamiyati vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida aytgan so‘zlari mohiyatini buzib ko‘rsatganini ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Armaniston Tashqi ishlar vazirligining Baku mintaqadagi tinchlik va barqarorlikdan manfaatdor emasligi va xalqaro huquqni buzayotgani haqidagi bayonotlari ikkiyuzlamachilikdan boshqa narsa emas. 

“Armaniston tomoniga eslatmoqchimizki, Armaniston tomonidan Ozarbayjon yerlarining 30 yil davomida bosib olinishi, yuz minglab ozarbayjonliklar o‘z uylaridan quvg‘in qilinishi, qirg‘inlarga uchraganiga qaramay, Ozarbayjon nizoni tinch yo‘l bilan hal etish jarayoniga sodiq qolgan. Ozarbayjon 44 kunlik urushda g‘alaba qozonib, 25 yil davomida bosib olingan hududlarni ozod qilganiga qaramay, aynan bizning mamlakatimiz Armaniston bilan tinchlik shartnomasini tuzish tashabbusini o‘z qo‘liga oldi”, deyiladi hujjatda. 

Bayonotda Armaniston tomonining Ozarbayjon Praga va Sochi kelishuvlarini buzayotgani va tinchlik jarayoniga to‘sqinlik qilayotgani haqidagi da’vosi ham asossiz ekanligi ta’kidlanadi.

Qorabog‘ urushi

1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

37

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing