Minglab namoyishchilar Netanyaxuni AQSHga bormaslikka chaqirdi
Olam
−
22 iyul
12362Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning AQSHga ketishidan bir kun oldin Tel-Avivdagi Ben Gurion aeroportida minglab kishilar namoyishga chiqdi. Bu haqda kecha, 21 iyul kuni Isroilning “Times of Israel” gazetasi xabar berdi.
Namoyishchilar Bosh vazirni HAMAS G‘azo sektorida garovga olingan isroilliklarni ozod qilish bo‘yicha kelishuvga erishilmaguncha Vashingtonga uchmaslikka chaqirdi. Xabar qilinishicha, namoyishchilar orasida o‘g‘irlab ketilgan isroilliklarning qarindoshlari ham bo‘lgan.
Isroil Bosh vaziri bugun, 22 iyul kuni AQSH poytaxtiga borishi rejalashtirilgan. Shu kuni Netanyaxu AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan uchrashishi, shuningdek, Kongress oldida nutq so‘zlashi kutilmoqda.
DPA xabariga ko‘ra, Isroil garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha HAMAS bilan bilvosita muzokaralarning yangi bosqichi uchun Qatarga delegatsiya yuborishga qaror qilgan. Delegatsiya 25 iyul kuni Qatar poytaxti Dohaga jo‘nab ketadi va unga Isroil razvedka agentligi “Mossad” direktori David Barnea boshchilik qiladi. OAV xabariga ko‘ra, Isroil Bosh vaziri o‘zining eng yaqin maslahatchilari bilan bir necha soatlik maslahatlashuvlardan so‘ng ushbu delegatsiyani yuborishga qaror qilgan.
DPA ma’lumotlariga ko‘ra, Barnea o‘tgan hafta Qatarga uchishi kerak edi, ammo uning safari qoldirildi.
Shuningdek, AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Uilyam Byorns G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etish uchun Dohaga borishi ma’lum qilindi.
Qatar va AQSH Misr bilan birga bu muzokaralarda vositachilik qilmoqda.
LiveBarchasi