Mingga yaqin tojikistonliklar Moskva aeroportlarida ushlab turilibdi
Olam
−
29 aprel
9405Rossiya hukumati mingga yaqin Tojikiston fuqarosini Moskva aeroportlarida ushlab turibdi. Bu haqda Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
27 aprel oxiri holatiga ko‘ra, Vnukovo aeroportidagi vaqtinchalik saqlash zonasida Tojikistonning 954 nafar fuqarosi, jumladan, Rossiya oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar ham qolgan.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, chegarada ko‘p soatlab kutishdan so‘ng 322 nafar Tojikiston fuqarosi nihoyat Rossiyaga kirgan.
Shu bilan birga, Rossiya rasmiylari yana 306 kishini “quvib chiqarish ro‘yxati”ga qo‘shishni rejalashtirmoqda.
“Chiqarib yuborilganlarning bevosita soni 27 kishini tashkil etdi. Bunday cheklov choralari faqat Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llaniladi”, deyiladi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.
Vaqtinchalik saqlash zonasida o‘nlab odamlar saqlanayotgan Jukovskiy, Domodedovo va Sheremetevo aeroportlarida ham murakkab vaziyat kuzatilmoqda.
Tashqi ishlar vazirligi Tojikiston fuqarolari tegishli sanitariya sharoitlarida saqlanayotgani va issiq ovqat bilan ta’minlanmaganini alohida qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, 27 aprel oqshomida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi fuqarolarni Rossiyaga bormaslikka chaqirgandi.
Bundan oldin vazirlik so‘nggi bir necha hafta ichida Tojikiston fuqarolarining Rossiyaga kirishi ommaviy ravishda taqiqlangani haqida xabar bergan edi.
Ommaviy axborot vositalari 22 apreldan beri Orenburg viloyatidagi Qozog‘iston-Rossiya chegarasida Tojikiston davlat raqamlariga ega 180 ga yaqin avtomobil to‘xtatilganini ma’lum qilgandi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova Tojikiston fuqarolarining Qozog‘iston bilan chegarasida boshlangan tekshiruvlarini terrorchilik tahdidi saqlanib qolgani bilan izohlagan. Shuningdek, u bu choralar vaqtinchalik ekanini qo‘shimcha qilgan.
LiveBarchasi