Milliy sertifikat testi uchun to‘langan pullarni qaytarish tartibi ma’lum qilindi
Jamiyat
−
19 avgust 2021
8024Avvalroq, joriy yil 10 iyun kuni biologiya fanidan milliy sertifikat uchun o‘tkazilgan test sinovi natijalari e’lon qilinmasligi va test sinovida ishtirok etgan barcha talabgorlarning to‘lovi to‘liq qaytarilishi haqida xabar bergan edik. Davlat test markazi imtihon qatnashchilariga pullarini qaytarish tartibini e’lon qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, talabgorlar dastlab o‘zi murojaat qilganini tasdiqlash maqsadida markaz saytiga pasport seriyasi va raqami, shuningdek, shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritib, “ariza to‘ldirish” tugmasini bosishi kerak.
Kiritilgan pasport ma’lumotlari 10 iyun kuni biologiya fani bo‘yicha milliy sertifikat imtihonida ishtirok etgan talabgorga tegishli bo‘lsa, mazkur pasport ma’lumotlari biriktirilgan telefon raqamiga SMS xabar yuboriladi va SMS xabardagi 5 xonali raqamni tizimga kiritish orqali talabgorning o‘zi murojaat etayotganligi tasdiqlanadi.
Keyin ariza to‘ldirish oynasiga:
• to‘lov qaytarilishi kerak bo‘lgan plastik karta raqami;
• plastik karta egasining familiyasi, ismi, otasining ismi;
• plastik karta ochilgan bankning STIRi (INNsi);
• bank MFOsi;
• bankning tranzit hisob raqami;
• qo‘shimcha telefon raqami (zarur hollarda bog‘lanish uchun) kiritilib, “Ariza shakllantirish” tugmasi bosiladi.
So‘rovnamani to‘ldirgandan so‘ng ariza shakllantiriladi va karta raqamiga 15 kun ichida to‘lov to‘liq qaytariladi.
LiveBarchasi