Milliy liboslarni targ‘ib qilgan ayollarni haqoratlagan erkak 15 sutkaga qamaldi

Jamiyat

image

Aprel oyida “Zamonaviy ayollar” klubi tomonidan “Atlas Party” nomli milliy liboslar targ‘ibot tadbiri o‘tkazilib, tadbirdan lavhalar ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgandi. Ushbu lavhalarga nisbatan noma’lum erkakning mazkur targ‘ibot tadbirida ishtirok etgan ayollarni obro‘sizlantiruvchi haqoratli so‘zlari aks etgan video tarmoqlarga sizdirilib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan “Atlas Party” tadbirining bir qator ishtirokchilari ichki ishlar idoralariga ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rish uchun ariza bilan murojaat qilgan.

Olib borilgan tezkor-surishtiruv tadbirlar natijasida mazkur shaxs 1988 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaro M.D. ekani aniqlangan.

Joriy yilning 23 aprel kuni fuqaro M.D. Shayxontohur tumani IIO FMBga taklif etilgan hamda u o‘zining shaxsiy diniy qarashlaridan kelib chiqqan holda atlas targ‘ibotini olib borgan ayollarga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatganini ta’kidlagan.

Ushbu huquqbuzarlik holati tegishli tartibda Shayxontohur tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) asosida M.D.ga nisbatan 15 sutka muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

“Hurmatli fuqarolar! Jamiyatda qabul qilingan yurish-turish qoidalarini hurmat qilgan holda, milliy qonunchiligimizga rioya qilishga chaqiramiz”, deyiladi vazirlik munosabatida.

Shuningdek, ushbu holatga Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ham munosabat bildirgan.

“Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi joriy yilning aprel oyida o‘tkazilgan milliy liboslar namoyishiga bag‘ishlangan tadbir ishtirokchilarining ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchi tomonidan video chiqish orqali haqoratlanishini yurtimiz xotin-qizlari sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish deb biladi va bu holatni keskin qoralaydi”, deyiladi qo‘mita munosabatida.

 

 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing