Milliardlar: korrupsiya so‘nggi 2 yilda O‘zbekistonga qancha zarar keltirdi?
Jamiyat
−
09 fevral 2021
4873So‘nggi ikki yilda korrupsiyaviy jinoyatlar oqibatida Respublika bo‘yicha 371 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, bu qilmishlar uchun 2.477 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu haqda Bosh prokuratura Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, qurilish, kommunal xo‘jaligi va yo‘l qurilishini amalga oshirish uchun belgilangan tartib-taomillarga rioya qilmaslik, pudratchilarni tanish-bilishchilik yoki pora evaziga tanlab olish yoxud manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yish kabi korrupsiyaviy holatlar ko‘plab kuzatilmoqda.
Prokurorlar tomonidan qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo‘nalishida jami 452 ta ob’ektda tekshirishlar o‘tkazilib, ularning natijasiga ko‘ra qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan tegishli davlat organlariga 46 ta taqdimnoma kiritilgan. 337 nafar shaxs ma’muriy va 22 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, kelgusida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida 126 nafar mansabdor shaxs yozma ravishda ogohlantirilgan.
Davlat Rahbarining topshirig‘iga asosan, 1379 ta yangi ob’ektlarning loyiha hujjatlari qayta ko‘rib chiqilganda, dastlabki qiymatga nisbatan 1,5 trln so‘m yoki 22 foiz harajatlar ortiqcha va asossiz kiritilganligi aniqlanib, qisqartirilgan.
Bundan tashqari, Hisob palatasi tomonidan bugungi kunda jami 82 ta ob’ektda byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha tekshirishlar o‘tkazilib, 66 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar mavjudligi aniqlangan.
Shu bilan birga, 23 mlrd so‘mlik 21 ta ob’ektni qurish yuzasidan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan o‘tkazilgan tender va tanlovlarda buyurtmachi va pudratchilar o‘rtasida qarindosh-urug‘chilik, tanish-bilishchilik holatlariga yo‘l qo‘yilgan.
Tekshirishlarda aniqlangan jiddiy qonun buzilishi holatlari yuzasidan 111 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan jinoyat ishlari qat’iy nazoratga olindi va ayni paytga kelib 24 ta jinoyat ishi sud muhokamasiga yuborilib, aybdorlarga nisbatan jazo ta’minlangan.
Ushbu toifadagi jinoyat ishlari bo‘yicha davlat va jamiyat manfaatlariga 260,7 mlrd so‘mlik moddiy zarar yetkazilganligi aniqlanib, uning 47,6 mlrd so‘mi undirilishi ta’minlangan.
Ayni vaqtda, yetkazilgan zararlarni ixtiyoriy to‘lamasdan kelayotgan, tergov va suddan yashirinishi ehtimoli bo‘lgan 36 nafar shaxslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
LiveBarchasi