Milliarderlar Top-10 ligi to‘liq amerikaliklar boshqaruviga o‘tdi
Bu qiziq
−
13:40 821 3 daqiqa
Fransiya fuqarosi, LVMH (Christian Dior, Bulgari va Loro Piana brendlari egasi) asoschisi Bernar Arno “Bloomberg” milliarderlar reytingining birinchi o‘nligidan chiqib ketdi. U 143 milliard dollar boylik bilan 11-o‘rinni egalladi. Natijada birinchi o‘nlikda faqat amerikalik tadbirkorlar qoldi.
Peshqadamlikni hamon Ilon Mask (919 milliard dollar) ushlab turibdi, ikkinchi o‘rinda Larri Peyj (286 milliard dollar), uchinchida esa Jeff Bezos (274 milliard dollar) bormoqda. Top-10 talikka, shuningdek, Sergey Brin (266 milliard dollar), Maykl Dell (245 milliard dollar), Mark Sukerberg (229 milliard dollar), Larri Ellison (208 milliard dollar), Jensen Xuang (181 milliard dollar), Stiv Balmer (172 milliard dollar) va Uorren Baffet (144 milliard dollar) kirgan.
“Bloomberg”ning qayd etishicha, 2012 yilda indeks ishga tushirilganidan beri ilk bor yetakchi o‘nta o‘rinning barchasini amerikaliklar egallab turibdi. Arno o‘ninchi o‘rinni boyligi 144 milliard dollarga baholanayotgan Uorren Baffetga boy bergan.
“Forbes” reytingida ham Arno birinchi o‘nlikdan tashqarida – 13-o‘rinni egallagan. Undan yuqorida “Bloomberg” ro‘yxatidagi amerikalik milliarderlar, shuningdek, Zara asoschisi Amansio Ortega (141,2 milliard dollar) va Walmart merosxo‘ri Rob Uolton hamda uning oilasi (130,3 milliard dollar) joylashgan.
Arno 2017 yil martidan beri reytingning birinchi o‘nligiga kirib kelar edi va qisqa muddatga uning peshqadamiga ham aylangan. U Shimoliy Amerikadan tashqarida ro‘yxatni boshqargan birinchi inson bo‘lgan.
Yil boshidan beri 77 yoshli Arnoning boyligi 65 milliard dollarga kamaygan. Bu dunyodagi eng boy 500 kishi orasidagi eng yirik pasayish bo‘lgan. Milliarderning LVMH biznesiga lyuks brendlar va alkogolga bo‘lgan talabning tushib ketishi, jumladan Yaqin Sharqdagi nizo fonida Dubaydagi va Xitoy bozoridagi muammolar ta’sir ko‘rsatgan.
Bernar Arno Fransiyaning Louis Vuitton Moet Hennessy (LVMH) xoldingini boshqaradi, unga 70 dan ortiq brend, shu jumladan Louis Vuitton va Sephora tegishli. 2021 yilda kompaniya Tiffany’ni 15,8 milliard dollarga sotib oldi. Bu uning tarixidagi eng yirik xarid bo‘lgan.
Arno 1949 yilda Fransiyada tug‘ilgan, Politexnika oliygohini tamomlagan va faoliyatini oilaviy qurilish biznesida boshlagan. 1984 yilda u Christian Dior tegishli bo‘lgan va kasodga uchragan Boussac guruhiga sarmoya kiritgan. Ikki yil ichida Arno 9 mingga yaqin xodimni bo‘shatgan va Dior’ni saqlab qolgan holda aktivlarning katta qismini sotgan. 1988 yilda Arno LVMH’ga sarmoya kiritgan, keyinchalik kompaniya ustidan nazoratni o‘rnatgan. Shundan so‘ng u Bvlgari brendi, hashamatli buyumlar va alkogol ishlab chiqaruvchilarni sotib olib, xoldingni faol kengaytirishni boshlagan.
Arno rahbarligi ostida LVMH bozor kapitallashuvi bo‘yicha eng yirik Yevropa kompaniyasiga aylangan. 2023 yil aprel oyida uning kapitallashuvi 500 milliard dollardan oshgan, aksiyalari esa rekord darajadagi 904,6 yevroga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq dunyodagi milliarderlar soni 2025 yilda rekord darajada ko‘payib, 3 795 nafarga yetgani haqida xabar berilgan edi. Bu esa bir yilda 8,2 foizlik o‘sishni anglatadi.
Live
Barchasi