AQSH hukumati kimlarning qo‘liga o‘tyapti?
Tahlil
−
09 noyabr
4694Ortda qolgan AQSH prezidentligi saylovida Donald Trampning mutlaq g‘alabasidan so‘ng butun dunyo unga saylovoldi jarayonida bergan va’dasi yuzasidan bir umid bilan yuzlanmoqda. Bu ham bo‘lsa, urushlarni to‘xtatish, Ukraina va G‘azoda tinchlik o‘rnatish. Ushbu kutilma Trampning dunyoga o‘z uslubida bergan mubolag‘aga yaqin va’dasi, ya’ni 2025 yil 20 yanvar kuni inauguratsiya marosimidan so‘ng Oq uyga kirgach, Ukrainaga bosqinni 24 soat ichida yakunlash va Yaqin Sharqda tinchlikka erishish haqidagi gaplaridan keyin paydo bo‘ldi. Tramp Oq uyga kirgach, qanday ishlarni amalga oshirishi o‘z yo‘liga, ammo u bu vaqtgacha qilishi lozim bo‘lgan ish bu – oldinda turgan 2 oydan ko‘proq muddat davomida o‘z jamoasini shakllantirishdir. Bu jamoadagi eng muhim kursilar, asosan, Oq uy apparati rahbari, tashqi siyosat uchun javobgar bo‘lgan Davlat kotibi va boshqa muhim lavozimlarni o‘z ichiga oladi. Xo‘sh, eng og‘ir sharoitlarda ham prezidentlik poygasidan chiqmagan va uni yakunda katta farq bilan o‘z foydasiga hal qilgan Tramp endi Oq uyda kimlar bilan ishlaydi va yana kimlarning gaplariga quloq soladi? Quyida shu yuzasidan allaqachon tasdiqlangan yoki tasdiqlanishi kutilayotgan nomzodlar haqida so‘z yuritamiz.
Blinken “kabinetini yig‘ishtirmoqda”
Qo‘shma Shtatlar tashqi dunyoda salmoqli ta’sirga ega bo‘lgani bois, bu yerdagi eng muhim lavozimlardan biri bu mamlakatning tashqi ishlari bilan bog‘liq vazifalarni o‘z zimmasiga oluvchi Davlat departamenti rahbari lavozimidir. Ba’zi insaydlarga ko‘ra, Tramp bu o‘ringa floridalik senator Marko Rubio nomzodini ko‘rib chiqqan. U Donald Tramp davrida keyingi 4 yillik uchun AQSHning yangi davlat kotibi bo‘lishi kutilyapti. 1971 yilda Mayamida tug‘ilgan Rubio san’at bakalavri va huquq fanlari doktori hisoblanadi. U siyosatdagi faoliyatini 1998 yilda G‘arbiy Mayami shahar kengashiga a’zo bo‘lishdan boshlab, 1999 yilda Florida shtatining Vakillar palatasiga saylangan. 2006-2008 yillarda esa shu palatada spiker darajasigacha ko‘tarilgan. Oradan ikki yil o‘tib, 2010 yilda Mark Rubio AQSH Senatiga saylovda g‘alaba qozongan holda to shu kungacha Florida shtatidan senator bo‘lib ishlamoqda va hatto Time jurnaliga ko‘ra, 2012 yilda eng nufuzli shaxslarning yuztaligidan o‘rin olgan. U 2019 yilda Senatning Kichik biznes qo‘mitasi raisi ham bo‘lishga ulgurgan. Mark Rubio Senatdagi faoliyati davomida o‘zining Rossiya va uning tashqi siyosatiga qarshi bildirgan keskin pozitsiyalari bilan e’tibor markazida bo‘lib kelgan. Xususan, 2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan so‘ng, uning banklarini xalqaro SWIFT to‘lov xizmatlari tizimidan uzishga chaqirgan. 2022 yilning dastlabki kunlarida Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli tajovuzi boshlanishidan oldin respublikachi o‘z chaqirig‘ini yana takrorlagandi. Bundan tashqari, u Rossiyaning Ukrainaga hujumi sodir bo‘lgan taqdirda Vladimir Putin va Rossiya rahbariyatining bir qator boshqa asosiy vakillariga nisbatan shaxsiy sanksiyalarni joriy etishni ham taklif qilgan. 2022 yil mart oyi boshida Rubio boshqa respublikachi senator Chak Grassli bilan birgalikda Rossiyaning barcha davlat korxonalariga qarshi keng qamrovli sanksiyalar joriy qilish to‘g‘risidagi chaqiriq bilan ham chiqqandi. Ammo bugungi kunda AQSHning navbatdagi prezidenti aniq bo‘lgach, Rubio ham qarashlarini Tramp va uning jamoasiga moslashtirgan holda, Ukrainadagi urush “boshi berk ko‘chaga kirib qolgani” va unga barham berish kerakligini aytishga ham ulgurdi. Shunday qilib, 53 yoshli senator ayni damda Tramp ko‘z o‘ngida Qo‘shma Shtatlarning navbatdagi bosh diplomati bo‘lib ko‘rinmoqda. Shuningdek, Bayden ma’muriyatidagi Davlat departamenti rahbariyati allaqachon o‘z joyini bo‘shatishga tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Aytishlaricha, amaldagi davlat kotibi Entoni Blinken respublikachilar tomonidan tayinlanishi kutilayotgan yangi rahbar va jamoaga o‘z ishlarini topshirishni tashkillashtirish uchun mas’ul shaxslarni tayinlab bo‘lgan.
Oq uyga ilk bor ayol kishi ko‘z-quloq bo‘ladi
AQSH saylovlarida g‘olib bo‘lgan prezident Donald Tramp inauguratsiyadan so‘ng Oq uyga qaytganida saylov kompaniyasi menejeri Syuzan Uayls yangi ma’muriyatning shtab boshlig‘i bo‘lishini ma’lum qildi. U Syuzan Uayls Amerika tarixidagi eng katta siyosiy g‘alabalardan biriga erishishga yordam bergani va 2016, 2020 yilgi muvaffaqiyatli kompaniyalarining ajralmas qismi bo‘lib xizmat qilganini ham qo‘shimcha qildi. Qayd etish joizki, Syuzan mamlakat tarixida prezident ma’muriyatiga rahbarlik qilgan ilk ayol bo‘ladi. Trampning barcha saylov kompaniyalariga boshchilik qilgan Syuzan apparat rahbari lavozimini egallashdan oldin allaqachon Trampga o‘z shartlarini ma’lum qilib bo‘lgan. Uning eng asosiy sharti prezident bilan Oval kabinetda kimlar aloqa qila olishi ustidan kuchliroq nazorat o‘rnatishdir. Chunki Syuzan xonim 2016-2020 yillarda Tramp o‘zining ilk prezidentlik mandatini o‘tkazganda ayni shu masalada jiddiy muammolarga duch kelgan. Trampning birinchi muddatida uning apparat rahbarlari Oq uyga norasmiy maslahatchilar, oila a’zolari, do‘stlar va boshqa begona shaxslarning prezident bilan uchrashish uchun kirishiga doimiy tarzda to‘sqinlik qilishga uringan.
Syuzan Uayls shaxsiyatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, uning tajribali siyosiy texnolog ekanligi haqidagi ma’lumotlarga duch kelamiz. Syuzi o‘zining siyosiy faoliyatini 1970 yillarda kongressmen yordamchisi sifatida boshlagan. Keyinchalik Ronald Reygan va boshqa amerikalik siyosatchilarning saylov kampaniyalarini rejalashtirish va tashkil etishda ishtirok etgan. Tramp bilan esa 2016 yildan buyon hamkorlik qilib keladi. U advokatlarga Trampning jinoiy va fuqarolik ishlarini hal qilishda ham yordam bergan. Saylov kechasi, ovoz berish natijalari ma’lum bo‘lgach, Tramp g‘alaba nutqi davomida qilgan ishi uchun Uaylsga minnatdorlik bildirdi. U tomoshabinlarga bir necha so‘z aytishni taklif qildi, ammo Syuzan nutqdan bosh tortdi va prezident bilan qo‘l siqishib qo‘yishnigina afzal ko‘rdi.
Dunyoning eng boy odami Tramp bilan birga
Saylovoldi kampaniyasida Trampni faol qo‘llab-quvvatlagan milliarder Ilon Mask saylov natijalari e’lon qilingandan so‘ng o‘zining Oval kabinetdagi fotokollajini e’lon qildi. Bu esa u kelgusida AQSH siyosatida muhim rol o‘ynashiga shama qilganidan dalolat edi. Joriy yil yoz faslida saylov kompaniyasining avj pallasida Tramp Ilon Mask bilan o‘ziga xos ittifoq tuzdi. Mask hatto Trampning saylovchilar qarshisida qilgan so‘nggi mitinglarida ham ishtirok etib, uni yaxshigina qo‘llab-quvvatladi. Tramp Maskka qandaydir lavozim berishini esa bundan ancha ilgari ma’lum qilgandi. Xususan, 20 avgust kuni Donald Tramp agar Ilon Mask qarshi bo‘lmasa, unga o‘z ma’muriyatida lavozim taklif qilishga tayyorligini aytgandi. X ijtimoiy tarmog‘i egasi bunga javoban o‘z sahifasida “xizmat ko‘rsatishga tayyor” ekanligini yozgandi. Shuningdek, Mask Trampning saylov kompaniyasi uchun umumiy hisobda 130 million dollar mablag‘ ajratdi. AQSHning 47-prezidenti jamoasiga kimlar kirishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatayotgan “The Hill” nashri ayni damda Maskning Tramp ma’muriyatida qaysi pozitsiyasidan o‘rin olishi hali noma’lum ekanligi haqida yozdi. Ammo qay darajada va qaysi sohada bo‘lmasin Maskning biron-bir mansab postiga tayinlanish ehtimoli juda yuqori. Bir qator nashrlar u immigratsiya, elektromobillar va hukumat tomonidan tartibga solish kabi masalalarda maslahatchi bo‘lishini taxmin qilmoqda. Shu vazifalar orasida immigratsiya masalasi aynan Maskka topshirilishi bir qadar haqiqatga yaqin bo‘lishi mumkin. Noqonuniy migrantlarga qarshi tarixdagi eng yirik deportatsiya jarayonini boshlashi kutilayotgan Tramp bu masala haqida dunyoning eng boy odami hisoblanmish Ilon Maskning so‘zlarini eshitishga ehtiyoji bor bo‘lsa ajabmas. Sababi ayni damda AQSHda 11 milliondan 13 milliongacha noqonuniy migrantlar mavjud bo‘lsa, har bir shaxsning deportatsiya xarajatlari o‘rtacha 10-15 ming AQSH dollarini tashkil qiladi. Bu esa bir necha yuz milliard dollar deganidir. Ayni damda Mask o‘z kompaniyalaridagi malakali xodimlarni hukumatga jalb qilish ishlarini ham boshlab yuborgani haqida ma’lumotlar bor. Jumladan, “The New York Times” nashrining xabar berishicha, Mask allaqachon SpaceX xodimlarini davlat ishlariga tavsiya qilgan.
LiveBarchasi