Milan derbisidagi “qahramonlar” 30 000 yevro jarimaga tortildi
Sport
−
09 fevral 2022
3350Avvalroq, 5 fevral kuni o‘tkazilgan Milan derbisida "Inter" hujumchisi Lautaro Martines va "Milan" himoyachisi Teo Ernandes o‘rtasida ro‘y bergan voqealar haqida yozgandik. A Seriya Hakamlar qo‘mitasi vaziyatni o‘rganib chiqib, aybdorlarga belgilangan jarima va jazolarni e’lon qildi. Aytish mumkin-ki, intizomiy chora qo‘llanilganlar soni ko‘paydi.
Xususan, Martines kiyinish xonasiga ketayotgan Teoga tupurgani aytilgan video ko‘rib chiqildi. Ammo "Inter" forvardi faqatgina raqibni haqorat qilgani aniqlandi va bu uchun 10 000 yevro jarimaga tortildi.
Bundan tashqari, "Inter" himoyachisi Alessandro Bastoni va bosh murabbiyi Simone Inzagi diskvalifikatsiya qilindi. 82-daqiqada almashtirilgan Bastoni yordamchi hakamni haqorat qilgani uchun ikki o‘yinga chetlashtirilgan. Demak, neradzurilar himoyachisi "Maradona" stadionidagi "Napoli" bilan bo‘ladigan keyingi o‘yinni o‘tkazib yuboradi.
Inzagi esa kiyinish xonasida hakamni "nishonga olgan" hamda bir o‘yinga diskvalifikatsiya qilingan. Bundan tashqari, italiyalik mutaxassis 15 000 yevro jarimaga tortilgan.
Teo Ernandez uchrashuvning 90+5-daqiqasida qizil kartochka olgani sabab keyingi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Rossonerilar himoyachisi muxlislarga nisbatan ishlatgan provakatsion harakatlari uchun 5000 yevro jarimaga tortildi.
Ana endi, shonli derbi o‘zini bor bo‘yi bilan ko‘rsatyapti. Haqiqiy Milan derbisi!
Navro‘zbek Mamaziyoyev
LiveBarchasi