Putin va Zelenskiyning uchrashuvi kechikmoqda – Midweek

Tahlil

Asr uchrashuvi ortga surilmoqda

Donald Tramp jannatga tushish dardida Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtatish uchun barcha imkoniyatlarni safarbar qilayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. U hatto kelgusi muzokaralarni tashkillashtirish uchun joriy yilning avgust oyidagi ta’tilini ham bekor qildi. “The Hill” nashrning yozishicha, AQSHda prezidentlar, odatda, avgust oyida, Kongress ta’tilga chiqqan vaqtda dam oladi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn esa Tramp Nyu-Jersidagi golf-kurortida ham tinchlik muzokaralarini davom ettirish imkoniyatini ko‘rib chiqqani, biroq yakunda buning o‘rniga Oq uydan chiqmay turib ishlashga qaror qilgan.

Xo‘sh, Tramp harakatlarni jadallashtirgani ko‘rinib turibdi. U va uning jamoasidagilar Putin uchrashishga tayyorligini ma’lum qildi. Oq uy bu uchrashuvga tayyorgarlikni boshlab yubordi. Bo‘lajak muzokaralar uchun ehtimoliy vaqt haqida hali hech narsa aniq emas, ammo joy bo‘yicha ko‘plab nomzodlar bor. Jeneva, Budapesht, Rim va Xelsenki shular jumlasidandir. Aytishlaricha, Zelenskiy Rimni, Putin esa Jenevani afzal ko‘rgan. Shuningdek, Zelenskiy Avstriya, Shveysariya yoki Turkiyada uchrashuv o‘tkazishga ham qarshi emas, ammo Vengriya yoki Rossiya u uchun muhokama ham qilinmaydigan nuqtaligi ma’lum qilindi. O‘z navbatida Shveysariya agar Rossiya yetakchisi Jenevaga kelsa, uni XJS ning hibsga olish orderiga qaramay, qo‘lga olmasligini ma’lum qildi. Budapesht varianti esa ko‘pchilikka yoqmayapti. Chunki aynan shu yerda o‘tmishda Ukraina aldangan. Buni Polsha Bosh vaziri ham alohida yodga oldi.

Ammo Vashington va Bryussel taraflarda shunday harakatlar ketayotgan bir paytda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov "Rossiya-24" telekanaliga bergan intervyusida Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyorgarlik ko‘rilganini tasdiqlamadi. U Moskva urushni hal qilish bo‘yicha ishlash uchun hech qanday formatni rad etmasligi, ammo eng yuqori darajadagi aloqalar “iloji boricha ehtiyotkorlik bilan” tayyorlanishi kerakligini aytib, vaziyatni yana quyuq tuman ichida qoldirdi. Lavrov bu gapi bilan Zelenskiyning legitimligini so‘roq ostiga qo‘ymoqchi bo‘lgani ko‘rinib turibdi. U buni hech qanday ishoralarsiz ham to‘g‘ridan to‘g‘ri aytib ham keladi. Ehtimoliy uchrashuvga Zelenskiy birorta ham dastlabki shartlarsiz rozi bo‘lgan bir paytda, Rossiya tomoni yana tinchlik kelishuvini Ukraina tomonidan bunga haqli bo‘lgan odam imzolashi kerak degan masalani o‘rtaga tashlamoqda.

Bu orada esa eng muhim ikki masala – hududiy almashinuv va xavfsizlik kafolatlari haqida ham kelishmovchiliklar yetarli. AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina tinchlik kelishuvi ortidan ko‘proq yer olishi haqida aytib, Kiyev baribir qaysidir yerlardan voz kechishiga ishora qildi. Ammo Oq uydagi tashrifda Trampga 10 dan ortiq rahmat aytgan Zelenskiy hududiy almashinuv haqida bor yo‘g‘i ikki bor so‘z ochdi. Biri kengaytirilgan uchrashuvda, yana biri esa mahalliy OAV uchun brifingida. Ammo umumiy ma’noda Ukraina rahbari baribir avvaldan konstitutsiya sababli yer berish yoki uning ustida savdo qilish mumkin emasligini aytib keladi. Buning o‘rniga FT nashri o‘rgangan hujjatlarda Ukraina Prezidenti bosqin ortidan yetkazilgan zarar uchun Rossiyadan tovon puli talab qilgan. Kiyev zararni kompensatsiya qilish uchun Rossiyaning G‘arbdagi 300 milliard dollarga yaqin muzlatilgan aktivlarini o‘ziniki qilmoqchi. Bundan tashqari, Zelenskiy yana bir bor odatiy talablar ro‘yxatini taqdim etdi: davlat apparatini saqlash uchun pul, ijtimoiy to‘lovlar va Ukraina iqtisodiyotini rivojlantirish. Ammo u harbiy ehtiyojlarni alohida xarajat sifatida belgilab, qurol uchun qo‘shimcha 90 milliard dollar talab qildi. Ushbu paket Zelenskiy tushuntirganidek qiruvchi samolyotlar, havo mudofaa tizimlari va boshqa tizimlarni o‘z ichiga oladi.

Xavsizlik kafolatining qurol-yarog‘dan boshqa jihatlari, ya’ni qo‘shin kiritish masalasi ham ancha qizg‘in muhokama qilinmoqda. Jumladan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Oq uydagi sammit bo‘yicha yakuniy bayonot berib, Yevropa Ittifoqi va AQSH Ukraina uchun kelajakdagi xavfsizlik kafolatlari uning  armiyasini qo‘llab-quvvatlash, dengiz, havo va quruqlikdagi xavfsizlik kuchlarini yaratishni o‘z ichiga olishi kerak, degan fikrga kelganini ma’lum qildi. "Bloomberg" esa xavfsizlik kafolatlari doirasida ittifoqchilar Ukraina armiyasining sonini cheklamaslikni reja qilgani haqida xabar berdi. Bundan tashqari, Makron Yevropa mamlakatlari Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar va quruqlikdagi operatsiyalar orqali yordam berishi kerakligini aytdi. Ukraina bo‘yicha tinchlik kelishuvi doirasida Yevropa davlatlari o‘z qo‘shinlarini yuborishga tayyorligini bildirmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Britaniya va Fransiya qo‘shin yuborish rejasini muhokama qilgan va qariyb 10 ta mamlakat Ukraina hududiga qo‘shin kiritishga rozilik bildirgan. Manbaga ko‘ra, Kreml NATO qo‘shinlarining Ukrainada joylashtirilishi ehtimolini qat’iyan rad etgan va Kiyevdan sharqiy hududlarning katta qismini nazoratga topshirishni talab qilmoqda. Yaqin kunlarda Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari paketi ishlab chiqilishi kutilmoqda.

Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni ham NATOga o‘xshash, biroq to‘liq a’zolikni nazarda tutmaydigan xavfsizlik kafolatlarini taklif qilgan. Yevropa yetakchilari ushbu reja uchun AQSH Prezidenti Donald Trampning oldidan o‘tdi. U qarshi emas va hatto bu masalada muvofiqlashtiruvchi rolni o‘ynaydi. Oldinroq Stiv Uitkoff ham Vladimir Putin AQSH va Yevropaning Ukrainaga qarshi yangi bosqin sodir etilgan taqdirda uni birgalikda himoya qilishini nazarda tutuvchi xavfsizlik kafolatlarini mustahkam shaklda ta’minlashga rozilik berganini aytgandi. Ammo Rossiya hozircha bunday kelishuvlarni ommaga e’lon qilgani yo‘q. Aksincha Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukrainaga beriladigan xavfsizlik kafolatlari Xitoy, AQSH, Buyuk Britaniya va Fransiya ishtirokida teng asosda ta’minlanishiga qarshi emasligi ammo xavfsizlik kafolatlari Rossiya bilan hal qilinishi kerakligini aytib chiqdi. Biroq xavfsizlik kafolati deganda Kreml Ukrainaga xorij davlatlarining qo‘shinlari kiritilishini nazarda tutmayapti chog‘i. Chunki Lavrovga ko‘ra, Ukraina yerlaridan xorijiy harbiy kontingentning bo‘lishi Rossiya uchun qabul qilib bo‘lmas masala. Bu esa Zelenskiy va Putinning uchrashuvini ortga surayotgan eng katta to‘siqlardan biridir. Mazkur shartlar orqali nafaqat uchrashuv balki inchlik ham yanada ortga surilishi tayin.

“Tolibon” vandalizm yo‘lidan ketmadi

Afg‘onistonda "Tolibon" hokimiyat tepasiga kelganidan buyon tarixiy madaniy me’roslarga nisbatan vandalizm avj olgani hech kimga sir emas. Buddadan tortib Navoiy yodgorligigacha. XXI asrda dunyoning qaysidir qismida madaniy merosga nisbatan bunday yondashuv vandalizmdan boshqa narsa emas. Hozircha Rossiyadan boshqa hech bir davlat tan olmagan "Tolibon" esa doim qaysidir tarixiy yodgorlik yovvoyilarcha buzib tashlanganda, aybni o‘zidan soqit qilib, mahalliy aholiga to‘nkaydi. O‘tgan yillar mobaynida Alisher Navoiy yodgorligi bilan ham huddi shu ssenariy takrorlandi. Jumladan, 2023 yilning 7 fevralida Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy yodgorligi vayron qilingandi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov o‘shanda Tolibon vakillariga tayanib, Navoiy yodgorligini begona kishilar vayron qilganini aytgandi.

“Afg‘onistonda buyuk shoirimiz Alisher Navoiy yodgorliklariga zarar yetkazilgani haqidagi xabarlarni qayg‘u bilan qabul qildik. Ushbu masala yuzasidan diplomatlarimiz Afg‘oniston vakillari bilan bog‘landi. Ularning ta’kidlashicha, ushbu vandalizm holati qardosh O‘zbekiston bilan ko‘p asrlik do‘stona munosabatlarni mustahkamlash tarafdori bo‘lgan muvaqqat hukumat rasmiy siyosatini aks ettirmaydi, noma’lum shaxslarning o‘zboshimchalik va o‘ylamasdan qilgan harakati natijasi bo‘lib, umumiy tarixiy va madaniy merosimizga zarar yetkazadi. Afg‘oniston vakillari yodgorliklarni tiklash va umumiy merosimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish choralarini ko‘rishini ma’lum qildilar”, deb yozgan Burxonov. 

Biroq o‘sha paytda "Independentpersian.com" nashri bu aynan "Tolibon"ning qilmishi ekani va guruh mamlakatda haykallarga nisbatan buzg‘unchilik olib borayotgani haqida xabar bergandi. Biroq Tashqi ishlar vazirligi bu borada "Tolibon"ning izohiga ishondi va bizni ham shunga ishontirdi. Ammo mana oradan 2 yarim yil o‘tib, endi Navoiy yodgorligi butunlay buzib tashlandi. "Tolibon"ning bu harakati qator ziyolilar va siyosatchilarining g‘azabini keltirib chiqargan. Ularning aytishicha, "Tolibon» nafaqat boshqa millatlarning ma’naviy qadriyatlari va insoniyatning tarixiy faxriga e’tibor bermayapti, balki amalda mamlakatning madaniy va tarixiy o‘zligini yo‘q qilish va kamsitish bilan shug‘ullanmoqda.

Shuningdek, faol fuqarolar 20 avgust kuni muvaqqat hukumatning bu ishini qoralab, bayonot bilan chiqqan. 20 ta fuqarolik va ijtimoiy tashkilot tomonidan tayyorlangan bu qo‘shma bayonotda Alisher Navoiyning yodgorligini buzish “xalqning umumiy xotirasiga va Afg‘onistonning o‘zligiga hujum” sifatida baholangan. Ushbu tashkilotlar xalqaro hamjamiyatni, UNESCO ni, xalqaro tashkilotlarning madaniy muassasalarini va inson huquqlari himoyachilarini Afg‘oniston xalqlarining tarixiy va madaniy merosini himoya qilish uchun darhol chora ko‘rishga chaqirgan. Qayd etish joiz, haykalning buzilishi ijtimoiy tarmoqlarda ham aks sado bergan.

To‘g‘ri, Alisher Navoiyning bu yodgorligi tarixiy emas edi. U bor yo‘g‘i bundan 17 yil avval Mozori Sharif shahar hokimiyati tomonidan, mutafakkirning xotirasini yodga olish maqsadida o‘rnatilgan edi. U Tolibon hokimiyat tepasiga kelgungacha yaxshi holatda bo‘lgan, biroq guvohi bo‘lganingizdek 2020 yildan keyin ushbu yodgorlikning taqdiri ayanchli yakunlandi. Bu safargi butunlay vayron qilish jarayonidan keyin ham TIV matbuot kotibi voqeaga Afg‘onistondagi rasmiylardan izoh olish uchun ular bilan bog‘lanilganini ma’lum qildi. Burhonovning bildirishicha, ulardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Alisher Navoiy yodgorligi o‘rnatilgan joy buyuk alloma xotirasiga yetarlicha munosib emasligi, shoir va mutafakkir uchun yanada ko‘rkam majmua qurilishi lozimligi bois yodgorlik mahalliy hokimiyat tomonidan olib tashlangan. Shu bilan birga, ushbu buzish ishlari Afg‘oniston Madaniyat va axborot vazirligi hamda keng jamoatchilik bilan kelishilmagani alohida ta’kidlanib, afg‘on tarafi holat yuzasidan taassuf bildirgan.

“Bundan tashqari Afg‘oniston hukumati vakillari nafaqat O‘zbekiston, balki Afg‘oniston xalqi uchun mo‘’tabar bo‘lgan Alisher Navoiy xotirasini munosib tarzda abadiylashtirilishini tasdiqlab, buyuk shoir va mutafakkir sharafiga alohida yodgorlik barpo etishga va’da berdi. Jumladan, hududni obodonlashtirish, shoir hayoti va ijodiy merosiga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yozuvlarni tiklash hamda amaldagi qarorlarga muvofiq yangi yodgorlik barpo etish hamda u joylashgan maydonga buyuk shoir Alisher Navoiy nomi qo‘yilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Afg‘oniston tomoni butun mintaqa uchun birdek qadrli bo‘lgan buyuk mutafakkir xotirasini asrab-avaylash borasidagi qat’iy sodiqligini bildirgan holda, uning nomini munosib e’zozlash uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini ta’kidladi”, deydi TIV matbuot kotibi.

Izoh avvalgisi bilan deyarli bir xil ko‘rinishga ega edi. Faqat bu gal mahalliy hukumat tomonidan buzib tashlangani tan olingan xolos. Lekin “mutafakkirning xotirasini asrab-avaylashga sodiqlik” borasida aytilgan gaplar oldin ham yangragandi. Biroq 2 yarim yil davomida yodgorlikni tiklashga umuman harakat qilmagan, aksincha keyinchalik uni buzib tashlaganlarga endi qanday ishonish mumkin degan savol ko‘pchilikning xayolidan o‘tgan bo‘lsa ajab emas. Biroq Tashqi ishlar vaziri Ahror Burhonovning keyinchalik voqea tafsilotlari bilan o‘rtoqlashgan navbatdagi xabari barcha savollarga javob berdi. TIV so‘zamoli o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida 21 avgust kuni Mozori Sharif shahrida Alisher Navoiy yodgorligi loyihasining boshlanishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tgani aks etgan tasvirlarni ulashdi. Unda shahar hokimi, mutasaddi rahbarlar, Afg‘oniston shimolidagi TIV vakolatxonasining rahbari hamda ushbu shahardagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari ishtirok etgan. Tasvirlarda ko‘rish mumkinki, Navoiy uchun qurilayotgan yangi yodgorlik ustunlari allaqachon bitirib qo‘yilgan, qolgan ishlarni bitirish uchun ham loyiha atrofiga olib kelingan g‘ishtlarni ham ko‘rish mumkin.

Ammo bungacha Mozori Sharifdagi bu ish siyosiy darajagacha ko‘tarildi. Masalaga Tolibonning bugungi kundagi eng kuchli tashqi oppozitsiyasi asli o‘zbek bo‘lgan Marshall Do‘stum ham qo‘shildi. Navoiy yodgorligi buzilishi ortidan Marshall va uning qizi "Tolibon"ga tahdid qildi. 2014 yildan 2020 yilgacha Afg‘onistonning sobiq vitse-prezidenti bo‘lgan Do‘stum zudlik bilan yodgorlikni rekonstruksiya qilish kerakligini, aks holda Afg‘oniston xalqi va Navoiyning izdoshlari jim turmasligini va "Tolibon" ertami-kechmi o‘z qilmishlari uchun pushaymon bo‘lishini ta’kidlagan.

“Men bu harakatni haqoratli va nafaqat Afg‘oniston xalqini, balki butun dunyodagi o‘zbeklarni – turkiylarni ham kamsitishga qaratilgan harakat belgisi deb bilaman. Toliblarning bu kechirib bo‘lmas harakati mening va Hazrati Navoiyning barcha oshiqlarining qalbini qattiq ranjitdi. Bu jirkanch xatti-harakatni xalqimiz hech qachon unutmaydi, aybdorlar kechirmaydi. Dunyo xalqlarining madaniy merosini himoya qilishda mas’ul bo‘lgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Fan va Madaniyat tashkiloti (UNESCO)dan Afg‘onistondagi turk xalqining milliy va xalqaro sha’niga qilingan haqoratlarning javobsiz qolmasligini his etishi uchun imkon qadar tezroq harakat qilishini so‘raymiz”, degan u.

Shundan so‘ng Do‘stumning qizi, sobiq senator Rohila Do‘stum ham holatga munosabat bildirib, Navoiy haykalining buzilishini "Tolibon"ning mamlakat madaniy merosiga dushmanligi ramzi, hamda Afg‘onistondagi xalqlarning umumiy o‘zligiga hurmatsizlik deb baholagan va xalqaro hamjamiyatni "Tolibon" harakatiga qarshi munosabat bildirishga chaqirgan. Shuningdek, bu harakatni yirik shaxsiyatlarga haqorat, xalqlarning umumiy o‘zligiga hurmatsizlik va madaniy, tarixiy hamda badiiy qadriyatlarga bepisandlik deb ta’rifladi.

“Amir Alisher Navoiy haykalining Tolibon tomonidan buzilishi jirkanch va madaniyatga qarshi qadam bo‘lib, bu guruhning mintaqaning tarixiy va sivilizatsiya merosiga dushmanligini ko‘rsatadi. Bunday harakatlar faqatgina jamoatchilikning "Tolibon"ga nisbatan nafratini kuchaytiradi. Madaniyat ahli bu ishni qoralashi va insoniyat merosini saqlash uchun amaliy chora ko‘rishi kerak”, degan u.

Qayd etish joizki, avvalroq Do‘stum Afg‘onistonni amalda boshqarayotgan "Tolibon" guruhini mamlakatni tark etishga chaqirib, aks holda 2001 yil dekabr oyida unga sodiq kuchlar tomonidan o‘ldirilgan 2000 nafargacha "Tolibon" askarining taqdiri yana takrorlanishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

G‘azo xaritadan o‘chirilmoqda

Esingizda bo‘lsa, joriy yilning iyun oyida Stiv Uitkoff HAMAS va Isroil uchun 60 kunlik sulh taklif qilgan, unga ko‘ra, sulhning birinchi va yettinchi kuni 10 nafar tirik garovdagilar ozod etilishi va 18 nafar halok bo‘lganlarning jasadlari topshirilishi kerak edi. Buning evaziga Isroil 125 nafar umrbod qamoqqa hukm qilingan falastinlikni, G‘azo sektorida ushlab turilgan 1111 kishini ozod qilishi va 180 nafar jasadni qaytarishi lozim edi. O‘shanda Isroil bu taklifga rozi bo‘lgandi, ammo HAMAS bunday vaqtinchalik kelishuv doimiy sulhga kafolat bermaslik ehtimoli yuqori bo‘lgani bois Uitkoff taklifini rad etgandi. Bu gal esa huddi shunday taklif Misr va Qatar tomonidan berildi, ammo endi uni Isroil rad etdi va G‘azoni butunlar egallashni boshladi. Netanyaxu hukumati matbuot kotibi Devid Menser qisman kelishuvlar endi hukumatni qiziqtirmasligi va buyog‘iga hammasi o‘zgarganini ma’lum qildi.

19 avgust kuni Isroil Mudofaa vaziri Isroil Kats G‘azo shahrini egallash rejasini tasdiqladi. Bu bosqin esa “Gideonning aravalari 2” deb nomlangan bo‘lib, uning davomida zaxiradagi askarlarni safarbar qilinishi aytildi. Ularning soni esa 130 mingni tashkil etishi taxmin qilindi. Bu orada esa Tel-Aviv ko‘chalariga Netanyaxuning G‘azodagi harakatlariga qarshi bo‘lgan yuz minglab, ba’zi manbalarda esa salkam yarim million odam yig‘ildi va norozilik namoyishi o‘tkazdi. 17 avgust kuni Tel-Aviv va boshqa shaharlarni qo‘shib hisoblaganda esa, butun mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan turli aksiyalarda jami bir millionga yaqin isroillik qatnashgani aytildi. Ular HAMAS bilan Netanyaxu tomonidan rad etilgan kelishuvni imzolash va garovdagilarni ozod qilishni talab qildi. Ammo 20 avgustga kelib, Isroilning G‘azo shahriga bostirib kirishni boshlagani e’lon qilindi. Isroil armiyasining rasmiy vakili, brigada generali Effi Defringa ko‘ra, armiya kuchlari allaqachon G‘azo shahrining chekka hududlarini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, u shu hafta isroilliklarga harbiy xizmatga chaqiruv bo‘yicha qariyb 60 mingta, shu oyning oxirida esa yana 20 mingta xat yuborilishini tasdiqlagan.

OAV esa Isroilning G‘azo sektorini to‘liq bosib olishga qaratilgan bosqini 2026 yilda ham davom etishi haqida yozmoqda. Xabarlarga ko‘ra, SAXAL zahiradagi askarlarlarni safarbar qilish uch bosqichda amalga oshiriladi – 2025 yil sentyabr va noyabrda, shuningdek, 2026 yilning mart oyida. Mamlakatda joylashgan tele-radiokompaniyalarining ma’lumotiga ko‘ra, 5 ta diviziya, 12 ta brigada jangovar guruhi hamda G‘azo diviziyasining shimoliy va janubiy brigadalari bu bosqinda qatnashadi. Shuningdek, jangovar harakatlarga uchta rezerv brigada jalb qilinadi. Bosqinning eng qizg‘in pallasida xizmatda bo‘ladigan zaxiradagi askarlarlar soni 130 ming nafarni tashkil etadi. Qayd etilishicha, G‘azoni bosib olish rejalari 21 avgust kuni Isroil hukumatiga taqdim etiladi. Netanyaxu G‘azoni yo‘q qilmoqchi.

Eng adolatli sudya endi yo‘q

Dunyodagi eng adolatli sudya endi yo‘q. Shu nom bilan tanilgan amerikalik sudya Frenk Kaprio uzoq vaqt davomida oshqozonosti bezi saratoniga qarshi kurashdan so‘ng joriy yil 20 avgust kuni 88 yoshida vafot etdi. Ha, bu o‘sha o‘ta mehribon, rahm-shavqatli va sud protsessi davomida insonlarga samimiyligi bilan tanilgan, videolari butun dunyo bo‘ylab tarqalib, qalblarni zabt etgan Frenk Kaprio. Uning sud jarayonlari aks etgan va tarmoqlarda tarqalgan tasvirlar hali uzoq vaqt ko‘pchilikning yodidan chiqmasa kerak. Kasalmand o‘g‘lini shifoxonaga olib borish uchun tezlikni belgilangan me’yordan birozgina oshirib yuborgan qariya otaxonni, shuningdek, mashinasini belgilanmagan joyga qo‘ygani uchun jarimaga tortilgan asli o‘zbekistonlik bo‘lgan yigitni ishini ko‘rgan va unga jarimani chegirib bergan Frenk Kaprio endi sud olamida yo‘qligi, albatta butun dunyo uchun yo‘qotish. Negaki, har bir davlatlatdagi adolat posbonlari u xoh kodifikatsiyalashgan tizimda bo‘lsin yoki sud pretsedentida farqi yo‘q, ular uchun Frenk Kaprio ergashsa bo‘ladigan, rang olish mumkin bo‘lgan sudya edi.

Frenk Kaprioning hayoti va karerasiga nazar tashlansa, u sudya, advokat, siyosatchi va huquqshunos sifatida eslanadi. Kaprio 1936 yilda tug‘ilgan. U 1985 yildan 2023 yilgacha Providens shahar munitsipal sudida sudya lavozimida ishlagan. Uning sud faoliyati televideniye maxsus dasturida namoyish etilgan. Kaprio sud zalida insonlarga bo‘lgan hamdardligi va ularga nisbatan bag‘rikengligi uchun “dunyodagi eng adolatli sudya” deb atalgan. 2000 yilda uning ishtirokida efirga chiqqan teleko‘rsatuv to‘rt marotaba "Emmi" mukofotiga nomzod bo‘lgan. Yuqorida ta’kidlanganidek, Frenk Kaprio 2023 yilning dekabridayoq saraton kasalligiga chalingani ma’lum bo‘lgandi. O‘shanda u unga oshqozonosti bezi saratoni tashxisi qo‘yilganini ochiqlagandi. Shunday qilib, endi u yo‘q. Ammo Kaprio salkam 40 yillik sudyalik faoliyati davomida sohadagi insonlar uchun o‘rnak bo‘ladigan ishlar qildi va namunali yo‘l xaritasi chizib ketdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston NATO Rossiya Putin Ukraina UNESCO sud'ya Zelenskiy Isroil Oq uy “Tolibon” G'azo HAMAS Donald Tramp Emmanuel Makron Jorjiya Meloni Mozori Sharif Netanyaxu Stiv Uitkoff Rohila Do'stum vandalizm Navoiy yodgorligi Marshall Do'stum Frenk Kaprio

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing