Meva va sabzavotlarning foydasi ularning rangiga bog‘liqmi?
Foydali
−
07 iyul 2021
8750Diyetolog Svetlana Fus meva, sabzavot va rezavorlarning ranglarini ularning foydali xususiyatlari bilan bog‘ladi. Bu haqda Fus Instagram’dagi sahifasida ma’lumot bergan.
Uning ta’kidlashicha, ranglar pigmentlar hisobiga hosil bo‘ladi.
“Ularning yurak-qon tomir tizimi kasalliklari, ayrim saraton kasalliklari, kataraktalarga qarshi profilaktik xususiyatlari ma’lum. Ular bolalarning normal o‘sishi va rivojlanishi uchun zarurdir. Bizning hujayralarimizni himoya qilish orqali bu moddalar organizmning qarish jarayonini sekinlashtiradi, umr ko‘rish davomiyligini oshiradi va immunitetni yaxshilaydi”, degan mutaxassis.
Fusga ko‘ra, binafsha rang (antotsianin) yurak-qon tomir tizimi kasalliklari va oshqozon saratoni xavfini kamaytirish uchun javobgardir. Shuningdek, ushbu rangdagi mahsulotlar organizmga qon bosimi va xolesterin miqdorini boshqarishda yordam beradi.
Qayd etilishicha, likopinga boy qizil rangdagi mevalar, sabzavotlar va rezavorlar ham yurak kasalliklari va saraton kasalligining oldini olishga yordam beradi. To‘q sariq va sariq (beta-karotin) mahsulotlar immunitetni mustahkamlashga va ko‘rishni yaxshilashga yordam beradi.
Jigarrang yoki oq rang pigmentatsiyasini beruvchi allitsin xotirani yaxshilaydi, antibakterial xususiyatlarga ega, shuningdek qon tomir kasalliklari xavfini kamaytiradi. Taniqli xlorofill (yashil rang) esa hujayralarning nafas olishini yaxshilaydi va onkologiya xavfini kamaytiradi.
Fus har kuni kamida 400 gramm sabzavot, 200 gramm meva va rezavorlar iste’mol qilishni tavsiya qilgan. U har ovqatlanganda sabzavot va o‘tlardan foydalanishni maslahat bergan.