Metroning yangi stansiyalariga QALAMPIR bilan videosayohat
Jamiyat
−
31 avgust 2020
8581Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yilligi arafasida mamlakat tarixida ilk bor 7 bekatdan iborat yer ustki metrosi qurib, foydalanishga topshirildi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida Yunusobod yo‘nalishiga yangi 2 ta bekat qo‘shildi. Mazkur yangi ochilgan metro bekatlari 30 avgustdan aholiga xizmat ko‘rsata boshladi.
Yangi tipda qurilgan Yunusobod yo‘nalishidagi “Yunusobod” va “Turkiston” bekatlari bungacha qurilgan metro bekatlaridan farqlanib turadi. Yorug‘, shinam, zamonaviy va keng metro bekatlari takrorlanmas o‘zgacha ko‘rinish kasb etgan.
Mazkur yangi metro yo‘nalishining ikkinchi bosqich qurilishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2016 yil 7 noyabrdagi qaroriga muvofiq boshlangan edi. Loyihaning umumiy qiymati 103,8 million dollar bo‘lib, ikkita bekatning uzunligi qariyb 3 kilometrni tashkil etadi. Yo‘lning 850 metr qismi yerosti suv ko‘p joyga to‘g‘ri kelgan. Yangi ochilgan ikkita bekat kuniga 7,5 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.
Toshkent shahridagi yerusti halqa metrosini loyihalashtirish 2017 yilda boshlangan bo‘lib, oradan 3 yil o‘tmay foydalanishga topshirildi.
Ishga tushgan “Do‘stlik-2” bekatidan “Qo‘yliq” bekatigacha bo‘lgan masofa salkam 12 kmni tashkil etadi. Yo‘nalishda 7 ta bekat barpo etilgan. Birinchi bekatdan oxirgisigacha 19 daqiqada yetib olish mumkin. Bu masofada har biri 4 ta vagondan iborat 4 ta poyezd qatnaydi.
Yangi yer ustki metro yo‘lida kuniga 46 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati mavjud. Yerusti halqa metrosi loyihasining umumiy qiymati 422 million dollardan ziyod bo‘lib, beshta bosqichda amalga oshirildi.
Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Davron Xidoyatovning aytishicha, metrodan foydalanuvchilar soni avval 130 mingga tushib ketgan. Hozirda ularning soni yana 240 minga ko‘tarilgan. Shahar hokimligining rejasiga ko‘ra, mazkur raqamlarni 400 minga yetkazish maqsad qilingan.
Qurib bitkazilgan metrolarda eski jetonlardan butunlay voz kechilib, yangi elektron chiptalar joriy etilgan. Yangi yer ustki metro yo‘nalishida qariyb 500 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan.
“Yerustki metrosini qurishda 3 mingdan ziyod temir yo‘lchilar xizmat qilgan bo‘lsa, 400 dan ortiq qurilish texnikalaridan foydalanildi. Yer ustki metrosining harakatlanish vaqti 12 daqiqa bo‘lib, metro yo‘laklarida harakatlar ko‘payganidan so‘ng ularning vaqti yana qisqartiladi”, dedi “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Aziz Abdiyev.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda ilk metro qurilishi 1977 yilda boshlangan. U ilk bor 9 ta bekat bilan ish boshlagan. Yunusobod yo‘nalishidagi 6 ta bekat 2001 yilda foydalanishga topshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Mustaqillik bayrami munosabati bilan 31 avgust va 1-2 sentyabr kunlari metrodan foydalanish bepul.
Ahrorbek Hayrullayev
LiveBarchasi