Mashhur zargar Aliyev: “Pogon taqqan mahluqlar” “Jasliq”da meni qiynoqqa soldi
Jamiyat
−
26 iyun 2019
15542Ayni kunlarda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida sudya M.Usmonov raisligida biznesmen Ahmad Aliyevning ishi bo‘yicha apellyatsiya eshituvi bo‘lib o‘tmoqda. Ahmad Aliyev 2013 yilda bir qator moddalar bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
“Aliyev zargari” kompaniyasining rahbari, taniqli zargar Ahmad Aliyev ozodlikdan mahrum etilganiga 7 yildan oshdi. Himoya tomoni zargarning ishi yolg‘ondan to‘qib chiqarilgani va sud eshituvi davomida bunga yetarlicha dalillar keltirilishini bildirgan.
Biznesmen 2013 yilning 18 fevralida Toshkent shahar sudi tomonidan 23 ta moddada nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan. Bundan oldingi apellyatsiya eshituvlarida Aliyev “o‘g‘irlik va talonchilik” bo‘yicha aybsiz deb topilgan. Himoyaning fikricha, Ahmad Aliyev hamda uning 20 nafarga yaqin xodimi, jumladan, qo‘riqchilari va texnik personali hozirda tashabbuskorlari qamoqda o‘tirgan shaxslarning “siyosiy” loyihalarida ishtirok etishdan bosh tortgan.
“Bir necha yil “Jasliq”da o‘tirdim. Oldimga advokatlarni qo‘yishmadi, yozgan xatlarim manziliga yetib bormadi. Bularning barchasi qonuniy hukumatga qarshi huquq-tartibot organlaridagi yuqori martabali amaldorlar tomonidan tayyorlangan jinoiy loyihani moliyalashtirishdan bosh tortganim sabab sodir bo‘ldi. Buning ustiga ularning jirkanch rejalarini Prezident va bosh vazirga aytishni va’da qilgandim”, deydi Aliyev sud zalida.
Apellyatsiya eshituvida Aliyev maxsus xizmatlar uni va xodimlarini kaltaklab ko‘rsatma olganligini ta’kidladi. Bunga yorqin misol — jismoniy tazyiqlarga chiday olmagan qo‘riqlash xizmati boshlig‘i Andrey Buzrukov Aliyevga qarshi yolg‘on ko‘rsatma bergan.
“Sudda sudyalar va Buzrukovning prokurori qatnashgan edi va u kunlik qiynoqlarga chiday olmay yolg‘on ko‘rsatma berganini aytdi. Biroq sud uning so‘zlarini inobatga olmadi. Qolgan 23 ta modda bo‘yicha ham xuddi shunday bo‘ldi. 7,5 yil davomida pogon taqqan maxluqlar barcha sud jarayonlariga aralashdi. Oilamga nisbatan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid qilishdi, jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazishdi. Prezident yoki bosh vazir bilan uchrashishimga imkon berishmadi. 2014 yildagina barchasini oshkor qilish imkoniyati tug‘ildi. Buning barchasiga 50 varaq qog‘oz sarfladim. O‘shandayam yozganlarim kerakli odamlarga yetib bormadi. Biroq keyinchalik mening yozganlarim huquq-tartibot organlaridagi yuqori martabali amaldorlarga nisbatan jinoyat ishi ochilishida muhim rolni o‘ynadi”, deydi Aliyev.
Ahmed Aliyev — taniqli zargar va tadbirkor, O‘zbekiston zargarlar assotsiatsiyasi raisi, 1200 ga yaqin xodim ishlagan “Aliyev zargari” kompaniyasi egasi edi.
LiveBarchasi