“Pogon taqqan mahluqlar” zulmidan dod degan zargar Aliyev nega 20 yilga qamalgan?
Jamiyat
−
01 iyul 2019
12511Avvalroq, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudida sudya M.Usmonov raisligida biznesmen Ahmad Aliyevning ishi bo‘yicha apellyatsiya eshituvi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergan edik. Ahmad Aliyev 2013 yilda bir qator moddalar bilan 20 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Uning o‘zi 7,5 yil davomida pogon taqqan maxluqlar barcha sud jarayonlariga aralashganini aytgan.
Ahmad Aliyev qaysi moddalar bilan 20 yilga qamalgan. Uning ishi necha marta kassatsiya sudlarida ko‘rilib, qaysi ayblovlar bekor qilingan. Quyida Aliyev ishi bo‘yicha barcha tafsilotlar bilan tanishishingiz mumkin.
Ahmad Aliyev (1967 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, millati – ozarbayjon, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus) jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2009 yil 4 maydagi hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi, 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 3-qismi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a”, “b”, “v” bandlari, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 2281-moddasi (davlat proba tamg‘alarini tayyorlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish), 57 (yengilroq jazo tayinlash), 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) moddalari tartibida 2 yil muddatga muayyan huquqdan mahrum qilinib, 12 520 000 so‘m jarima jazosi tayinlangan. Jarima jazosi 2009 yil 25 iyulda to‘liq to‘lanib, 2 yil muayyan huquqdan mahrum qilish jazosidan 2011 yil 14 mayda ozod bo‘lgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2012 yil 9 avgustdagi hukmiga ko‘ra, Ahmad Aliyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “v” bandi, 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 3-qismi, 25-modda (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 2-qismi “v”, “g” bandlari, 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi “a”, “v” bandlari, 232-moddasi (sud hujjatini ijro etmaslik) 2-qismi, 241-modddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 1-qismi, 242-moddasi (jinoyatni hisobga olishdan qasddan yashirish) 2-qismi, 245-moddasi (shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish) 2-qismi “b”, “v” bandlari, 248-moddasi (qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish), 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 3 yil muayyan huquqdan mahrum qilinib, 18 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasining 2015 yil 31 dekabrdagi ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2012 yil 9 avgustdagi hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat sudlov hay’atining 2017 yil 7 sentyabrdagi ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2012 yil 9 avgustdagi hukmi hamda shu sud kassatsiya instansiyasining 2015 yil 31 dekabrdagi ajrimi o‘zgartirilib, Ahmad Aliyevning ayblovidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25-modda (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiiqasd qilish) orqali 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) 2-qismi “v”, “g” bandlari, 164-moddasi (bosqinchilik) 4-qismi “a”, “v” bandlari, 232-moddasi (sud hujjatini ijro etmaslik) 2-qismi, 241-modddasi (jinoyat haqida xabar bermaslik yoki uni yashirish) 1-qismi, 242-moddasi (jinoiy uyushma tashkil etish) 2-qismi bilan e’lon qilingan ayblovlar chiqarib tashlangan.
Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “v” bandi, 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik irshlatish bilan qo‘rqitish) 3-qismi, 245-moddasi (shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish) 2-qismi “b”, “v” bandlari, 248-moddasi (qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish) 2-qismi bilan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida 17 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2018 yil 13 iyuldagi qaroriga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2012 yil 9 avgustdagi hukmi, shu sud kassatsiya instansiyasining 2015 yil 31 dekabrdagi ajrimi, hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat sudlov hay’atining 2017 yil 7 sentyabrdagi ajrimi o‘zgartirilib, Ahmad Aliyevning ayblovidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 245-moddasi (shaxsni garov sifatida tutqunlikka olish) 2-qismi “b”, “v” bandlari chiqarib tashlanib, unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “v” bandi, 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik irshlatish bilan qo‘rqitish) 3-qism bilan tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasi (qurol, o‘q-dorilar, portlovchi moddalar yoki portlatish qurilmalariga qonunga xilof ravishda egalik qilish) 2-qismi bilan tayinlangan jazo 6 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga keltirilgan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) tartibida tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 6 yil 5 oy 16 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Bundan tashqari, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2013 yil 18 fevraldagi hukmiga ko‘ra, Ahmad Aliyev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” bandlari, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a”, “v” bandlari, 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) 3-qismi “a”, “b” bandlari, 178-moddasi (chet el valyutasini yashirish) 3-qismi, 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) 2-qismi “a”, “v” bandlari, 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a”, “b”, “v” bandlari, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 2281-moddasi (davlat proba tamg‘alarini tayyorlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 232-moddasi (sud hujjatini ijro etmaslik) 2-qismi, 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 3-qismi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45 (muayyan huquqdan mahrum qilish), 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 8-qismi tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2012 yil 9 avgustdagi hukmi bilan tayinlangan jazoni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 3 yil muayyan huquqdan mahrum qilinib, 20 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2018 yil 23 noyabrdagi ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2013 yil 18 fevraldagi hukmi o‘zgartirilib, hukmning Ahmad Aliyevni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 232-moddasi (sud hujjatini ijro etmaslik) 2-qismi va 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) 3-qismi “a”, “b” bandlari ayblash hamda shu moddalar bilan jazo tayinlash qismni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi (reabilitatsiya uchun asoslar) 2-qismiga asosan uning harakatlarida jinoyat tarkibi bo‘lmaganligi sababli bekor qilinib, reabilitatsiya qilingan.
Hukmning Ahmad Aliyevni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 3-qismi bilan ayblash qismi qonunga muvofiqlashtirilib, uning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 189-moddasi (savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish) 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilinib, shu modda bilan unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Hukmning O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 45-moddasini (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llash qismi chiqarib tashlangan.
Hukmning Ahmad Aliyevga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a”, “v” bandlari, 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi “a”, “v” bandlari, 178-moddasi (chet el valyutasini yashirish) 3-qismi, 182-moddasi (bojxona to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) 2-qismi “a”, “v” bandlari, 184-moddasi (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) 3-qismi, 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2- qismi “a”, “b”, “v” bandlari, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 2281-moddasi (davlat proba tamg‘alarini tayyorlash va ulardan foydalanish qoidalarini buzish) 2-qismi “a”, “b” bandlari, 238-moddasi (yolg‘on guvohlik berish) 3-qismi, 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan tayinlangan jazolar o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Unga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59 (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash), 61 (jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) moddalari tartibida 9 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 8-qismi tartibida jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining 2012 yil 9 avgustdagi hukmi bilan tayinlanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosatining 2018 yil 13 iyuldagi qaroriga ko‘ra o‘zgartirilgan jazoning o‘talmay qolgan qismi qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 3 yil muayyan huquqdan mahrum qilinib, 12 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi jinoyat sudlov hay’atining 2019 yil 2 maydagi ajrimiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2018 yil 23 noyabrda Ahmad Aliyevga nisbatan chiqargan ajrimi bekor qilinib, jinoyat ishi yangitdan kassatsiya instansiyasida ko‘rish uchun yuborilgan.
Ushbu jinoyat ishi, jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudiga 2019 yil 31 may kuni kelib tushgan.
Mazkur jinoyat ishini kassatsiya instansiyasida ko‘rish 2019 yil 14 iyun kuni boshlanib, hozirda kassatsiya instansiyasida mazmunan ko‘rilmoqda.
Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi 2019 yil 3 iyul kuniga rejalashtirilgan.
Aziz Obidov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy sudi matbuot xizmati vakili
LiveBarchasi