Meta sun’iy intellekt sabab 8 ming kishini bo‘shatmoqchi
Olam
−
12:02 1474 2 daqiqa
Meta sun’iy intellekt sababli katta miqyosda xodimlarni qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, kompaniya 20 may kuni katta ishdan bo‘shatish bosqichini boshlaydi. Birinchi bosqichda taxminan xodimlarning 10 foizi, ya’ni 8 mingga yaqin odam ishidan ayrilishi mumkin. Keyingi qisqartirishlar yilning ikkinchi yarmida ham davom etishi ehtimoli bor, lekin aniq reja hali yakuniy tasdiqlanmagan — bu jarayon sun’iy intellekt rivojiga qarab o‘zgarishi mumkin.
Meta bu qarorlarni rasmiy izohlamagan, lekin nashr manbalariga ko‘ra, kompaniya samaradorlikni oshirish uchun sun’iy intellektdan keng foydalanishga o‘tmoqda. Rahbariyat kelajakda kamroq boshqaruv bo‘g‘inlari va ko‘proq AI yordamida ishlaydigan xodimlar tizimini yaratishni maqsad qilgan.
So‘nggi oylarda Meta ichki tuzilmasini ham o‘zgartirgan. Masalan, Reality Labs bo‘limidagi muhandislar yangi “Amaliy sun’iy intellekt” bo‘limiga o‘tkazilgan. Bu bo‘lim AI agentlarini — ya’ni kod yozadigan va murakkab vazifalarni bajaradigan tizimlarni tezroq rivojlantirishga qaratilgan. Ba’zi xodimlar esa kichik bizneslar bilan ishlovchi yangi bo‘limga o‘tkazilgan.
Meta ilgari ham katta qisqartirishlar qilgan: 4 yil avval 11 mingga yaqin xodim ishdan bo‘shatilgan, 2023 yilda esa yana 10 mingga yaqin ish o‘rni qisqartirilgan.
2025 yilda esa kompaniya sun’iy intellekt sohasini kuchaytirish uchun Scale AI startapiga taxminan 15 milliard dollar sarmoya kiritgan. Bu Meta’ning OpenAI, Google va Anthropic kabi raqobatchilar bilan kurashida kuchayish strategiyasining bir qismi hisoblanadi.
Live
Barchasi