Messining xet-trigi ortida qanday rekordlar turibdi?
Sport
−
17 iyun 2492 3 daqiqa
Bugun, 2026 yilgi Jahon chempionatining guruh bosqichida Argentina terma jamoasi Jazoirni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvning bosh qahramoni esa, odatdagidek, Lionel Messi bo‘ldi. 38 yoshli hujumchi xet-trik qayd etib, nafaqat jamoasiga muhim g‘alabani taqdim etdi, balki futbol tarixidagi yana bir qator rekordlarni ham yangiladi.
38 yoshli futbolchi Kanzas-Siti shahridagi bahsga milliy jamoa safidagi 200-o‘yinini o‘tkazish uchun maydonga tushdi. Shu tariqa u futbol tarixida oltita Jahon chempionatida ishtirok etgan birinchi futbolchiga aylandi. Bu natijani keyinroq Portugaliya hujumchisi Krishtianu Ronaldu ham takrorlashi mumkin. Shuningdek, Meksika terma jamoasi darvozaboni Gilermo Ochoa ham turnir davomida maydonga tushsa, ushbu rekordga sherik bo‘ladi.
Messi uchrashuvning 17-, 60- va 76-daqiqalarida gol urdi. U hatto uchrashuvning 5-daqiqasida ham raqib darvozasini ishg‘ol qilgandi, ammo bu gol ofsayd sababli bekor qilindi. Shunga qaramay, argentinalik yulduz joriy yilgi mundialni tarixiy natija bilan boshladi.
Eng muhim rekordlardan biri – Jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purarlar ro‘yxati bilan bog‘liq. Jazoir darvozasiga urilgan uch goldan keyin Messining mundialdagi umumiy gollari soni 16 taga yetdi. Shu tariqa, Messi Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Klozening ko‘p yillar davomida saqlanib kelgan rekordiga tenglashdi. Kloze 2002, 2006, 2010 va 2014 yilgi Jahon chempionatlarida jami 16 ta gol urgan bo‘lsa, Messi bu natijaga oltita mundial orqali erishdi.
Bu uchrashuv Messining Jahon chempionatlari tarixidagi birinchi xet-trigi sifatida ham qayd etildi. Qizig‘i shundaki, u faoliyati davomida deyarli barcha yirik musobaqalarda xet-triklar qayd etgan bo‘lsa-da, mundialda bu natijaga ilk bor erishdi. Bu esa uning beqiyos faoliyatidagi kam sonli “ochilmagan sahifalardan” biri edi.
Jazoirga qarshi bahs Messi uchun yana bir tarixiy voqeaga aylandi. U olti karra Jahon chempionatlarida ishtirok etgan birinchi futbolchi bo‘ldi. Argentinalik yulduz o‘zining birinchi mundialini 2006 yilda Germaniyada o‘tkazgan bo‘lsa, keyinchalik 2010, 2014, 2018, 2022 va endi 2026 yilgi musobaqalarda ham ishtirok etmoqda. Messining Jahon chempionatlari bilan bog‘liq tarixi 2006 yilda boshlangan. U o‘shanda Germaniyada bo‘lib o‘tgan mundialda 18 yoshida debyut qilgan. Eng qiziq tarafi shundaki, Jazoirga qarshi bahs Messining Serbiya va Chernogoriyaga qarshi o‘yindagi birinchi mundial ishtirokidan roppa-rosa 20 yil o‘tib bo‘lib o‘tdi.
Shu bilan birga, 38 yosh-u 11 oylik Messi Jahon chempionatlari tarixidagi eng keksa xet-trik muallifiga aylandi. Bu borada avvalgi rekord Krishtianu Ronalduga tegishli edi.
Shuningdek, Messi ketma-ket beshta Jahon chempionatida gol urgan ilk futbolchi sifatida ham tarixdan joy oldi. Uning gollari 2010, 2014, 2018, 2022 va 2026 yilgi mundiallarga to‘g‘ri kelmoqda.
Amaldagi jahon chempionlari musobaqani ishonchli g‘alaba bilan boshlagan bo‘lsa, Messi oldida yana bir nechta rekordlarni yangilash imkoniyati bor. Argentina terma jamoasi guruh bosqichida navbatdagi uchrashuvlarini Avstriya va Iordaniyaga qarshi o‘tkazadi. Endi argentinalik yulduz oldida yana bir tarixiy imkoniyat turibdi. Keyingi gol uni Miroslav Klozeni ortda qoldirib, Jahon chempionatlari tarixidagi yakka tartibdagi eng yaxshi to‘purarga aylantiradi. Agar Messi mundial davomida yana bir marta raqib darvozasini ishg‘ol qilsa, futbol tarixidagi eng muhim rekordlardan biriga yakka o‘zi egalik qiladi.
Agar Messi jamoasini yana bir bor jahon chempionligiga yetaklay olsa, u Argentina tarixida Jahon chempionatida o‘z chempionlik unvonini muvaffaqiyatli himoya qilgan ilk sardorga aylanadi. Bu natijaga hatto Diyego Maradona ham erisha olmagan.
Live
Barchasi