Messining qo‘riqchisi jiddiy bayonot bilan chiqdi (video)
Sport
−
11 fevral 7576 2 daqiqa
“Inter Mayami” klubi va Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messining shaxsiy qo‘riqchisi Yassin Chueko ijtimoiy tarmoqda Chueko Messiga yetib borishiga to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan muxlisning maydonga yugurib chiqib, uni yiqitgani aks etgan videoga munosabat bildirdi.
“Gonduras va Perudagi stadionlarning xavfsizlik xodimlariga professionalligi va yordami uchun samimiy minnatdorlik bildirmoqchiman. Muxlislarni maydonga tushishini to‘xtatish mening ishim emas. Bu stadion xavfsizlik xodimlarining zimmasida. Ammo rostini aytaylik, ularning aksariyati o‘z vazifalariga to‘liq e’tibor qaratmaydi. Xavfsizlikni ta’minlash o‘rniga, ular o‘yinni tomosha qilish yoki fotosurat va video olish bilan band. Va ular e’tibor bermayotgani uchun men o‘z tashabbusim bilan aralashib, bunday holat bo‘lgan taqdirda vaziyatni hal qilishga qaror qildim”, deydi Chueko.
Qo‘riqchi, shuningdek, xavfsizlik xodimlarini doimiy hushyorlikka chaqirdi.
“Iltimos, xavfsizlik xizmati xodimlari, sizdan hurmat va jiddiylik bilan so‘rayman: hushyor bo‘ling. Sizga maosh to‘laydigan ishni bajaring. Stadion, futbolchilar va muxlislar xavfsizligi sizga bog‘liq. Men har doim sizni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Ammo agar siz o‘z vazifangizni bajarmasangiz, bu vazifani bir o‘zim hal qilishim juda qiyin bo‘ladi. Men mashhur emasman va menda ego yo‘q. Ayrim ommaviy axborot vositalari ta’kidlaganidek, men yiliga 3 million dollar ishlab olmayman. Men ham millionlab odamlar kabi o‘z vazifamni mas’uliyat va g‘urur bilan bajarish uchun har kuni bor kuchimni sarflaydigan ishchiman. Mening vazifam – men ishlayotgan odamlarning xavfsizligini ta’minlash. Men krossovkada maydon bo‘ylab yugurishga tayyorman. Menga o‘z obrazim emas, vazifam muhim. Va agar bir kun kelib burchimni bajarish uchun jonimni berishga to‘g‘ri kelsa, buni hech ikkilanmay bajaraman”, deydi Chueko.
Ma’lumot uchun, Chueko Iroq va Afg‘onistonda jangovar tajribaga ega, jang san’atlari bo‘yicha mashg‘ulotlar va bir nechta MMA janglarida qatnashgan sobiq AQSH armiyasi maxsus kuchlari askaridir.
Live
Barchasi