Messi Jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi assistentga aylandi
Sport
−
11:48 990 1 daqiqa
Argentina milliy terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi Jahon chempionatlari tarixida eng ko‘p golli uzatma bergan futbolchiga aylandi. U bu borada 1986 yilgi jahon chempioni Diyego Maradonani ortda qoldirdi.
Messi ushbu natijaga Jahon chempionatining 1/8 final bosqichida Misrga qarshi o‘yinda erishdi. U Kristian Romeroning goliga assist muallifi bo‘lib, mundiallardagi golli uzatmalarining sonini 9 taga yetkazdi. Jahon chempionatlarida assistlar statistikasi 1966 yildan beri yuritib kelinadi.
Atlantada bo‘lib o‘tgan Argentina – Misr bahsi esa haqiqiy dramatik ssenariy asosida kechdi. Misr terma jamoasi Yasser Ibrohimning 15-daqiqadagi va Mustafo Zikoning 67-daqiqadagi gollari evaziga 2:0 hisobida oldinga chiqib oldi.
Biroq uchrashuvning hal qiluvchi daqiqalari amaldagi jahon chempionlari foydasiga kechdi. 79-daqiqada Kristian Romero Lionel Messining uzatmasidan keyin hisobni qisqartirdi. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, Messining o‘zi hisobni tenglashtirdi va turnirdagi sakkizinchi golini urib, to‘purarlar poygasidagi peshqadamligini mustahkamladi. E’tiborlisi, u birinchi bo‘limda penaltini aniq amalga oshira olmagan edi.
Qo‘shimcha vaqtning ikkinchi daqiqasida Lautaro Martinesning uzatmasini golga aylantirgan Enso Fernandes Argentinaga irodali g‘alabani taqdim etdi – 3:2.
Ma’lumot uchun, Argentina terma jamoasi chorak finalda Shveysariyaga qarshi bahs olib boradi. Ushbu uchrashuv joriy yilning 12 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi