Messi “Oltin to‘p” uchun asosiy favoritga aylandi – OAV
Sport
−
16 iyul 4436 2 daqiqa
Argentina terma jamoasi hujumchisi Lionel Messi 2026 yilgi “Oltin to‘p” mukofotini qo‘lga kiritish uchun asosiy favorit hisoblanmoqda. Bu haqda “Polymarket” nashri xabar berdi.
Nashr baholashiga ko‘ra, Messining g‘olib bo‘lish ehtimoli 40,2 foizni tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinda Ispaniya terma jamoasi hujumchisi Lamin Yamal (27,5%), uchinchi pog‘onada esa Angliya terma jamoasi sardori Harri Keyn (15,8%) joylashgan.
Messi 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichidan keyin “The Athletic” nashrining “Oltin to‘p” favoritlari reytingiga kiritilgan edi. Bunga uning turnirda oltita gol urib, to‘purarlar poygasida peshqadamga aylangani hamda mundial tarixida yangi natija qayd etgani sabab bo‘lgan. Keyinchalik “Oltin to‘p” tashkilotchilari ham uning mukofot uchun asosiy da’vogarlardan biri ekanini tasdiqladi.
“Oltin to‘p” jahon futbolidagi eng nufuzli individual mukofot hisoblanadi. U 1956 yildan buyon topshirib kelinadi. 1994 yilgacha ushbu sovrin faqat Yevropa klublarida to‘p surayotgan yevropalik futbolchilarga berilar edi. 1995 yildan boshlab Yevropa klublarida o‘ynaydigan barcha mamlakat vakillari mukofot uchun da’vogarga aylandi. O‘sha yili liberiyalik hujumchi Jorj Vea “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan birinchi yevropalik bo‘lmagan futbolchi bo‘ldi.
2007 yildan e’tiboran esa dunyoning istalgan klubida harakat qilayotgan futbolchilar mazkur mukofot uchun kurashish huquqiga ega bo‘ldi. Messi hozirgacha rekord darajada — sakkiz marta “Oltin to‘p” mukofotini qo‘lga kiritgan.
Live
Barchasi