Messi Finalissima bekor qilinishidan xafa bo‘ldi – OAV
Sport
−
16 mart 1008 2 daqiqa
Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi Finalissima o‘yinining bekor qilinishidan hafsalasi pir bo‘ldi. Bu haqda ESPN xabar berdi.
“Inter Mayami” sardori ushbu uchrashuvga katta umidlar bilan tayyorgarlik ko‘rayotgan edi va uni 2026 yilgi Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasidagi muhim o‘yin sifatida baholagan. Biroq, manbalarga ko‘ra, Messi o‘yinning bekor qilinishiga olib kelgan muzokaralarda ishtirok etmagan.
2024 yilgi Amerika kubogi g‘olibi Argentina hamda 2024 yilgi Yevropa chempioni Ispaniya o‘rtasidagi uchrashuv dastlab joriy yilning 27 mart kuni Qatarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo mintaqadagi siyosiy keskinlik sabab o‘yin bekor qilindi.
UEFA bayonotida aytilishicha, Qatarda o‘yinni o‘tkazish bo‘yicha ko‘plab muzokaralar olib borilgan, biroq hududdagi hozirgi vaziyat sabab uchrashuvni o‘tkazishning imkoni bo‘lmagan. Tashkilot boshqa variantlarni ham ko‘rib chiqqan, ammo ularning barchasi Argentina futbol assotsiatsiyasi uchun maqbul bo‘lmagan.
Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi (CONMEBOL) esa muqobil joylar va sanalar taklif qilinganini, biroq UEFA ularni qabul qilmaganini ma’lum qildi. Argentina tomoni o‘yinni joriy yilning 31 mart kuni o‘tkazishni taklif qilgan, biroq UEFA bu sanada uchrashuvni o‘tkazish mumkin emasligini bildirgan. Natijada Finalissima bekor qilingan.
Manbalarga ko‘ra, Messi bu o‘yinni faoliyatidagi 49-jamoaviy sovrinni qo‘lga kiritish imkoniyati sifatida ko‘rgan. U so‘nggi bor 2025 yilning dekabr oyida MLS kubogida “Inter Mayami” bilan chempionlikni qo‘lga kiritgan edi.