Mers, Makron, Starmer va Tusk Kiyevga boradi
Olam
−
10 may 3773 2 daqiqa
Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya va Polsha Bosh vazirlari Kir Starmer va Donald Tusk Ukraina poytaxtiga yo‘l olishmoqda. Bu haqda siyosatchilar kecha, 9 may kuni kechqurun X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z akkauntlarida ma’lum qilishdi.
“Kiyev yo‘lida. Ukraina bizga tayanishi mumkin”, deb yozgan Mers.
Yevropa davlatlari rahbarlari Kiyevga bugun, 10 may kuni ertalab kelishi kutilmoqda. AFP muxbirining so‘zlariga ko‘ra, siyosatchilar poyezdga Polshada Ukraina bilan chegara yaqinida o‘tirgan. Bu Fridrix Mersning kansler sifatida mamlakatga ilk tashrifi.
“Biz Kiyevda Ukraina bilan birdam bo‘lamiz”, deb yozgan Mers davom etayotgan Rossiya bosqinini nazarda tutib.
Shuningdek, u to‘rt davlat ham AQSH Prezidenti Donald Trampning urushda 30 kunlik sulh tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi.
“AQSH bilan birgalikda biz Rossiyani adolatli va mustahkam tinchlik bo‘yicha muzokaralar uchun maydon yaratish uchun to‘liq va so‘zsiz 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lishga chaqiramiz. Biz o‘t ochishni to‘xtatishni texnik jihatdan amalga oshirish va keng qamrovli tinchlik bitimini tayyorlash maqsadida imkon qadar tezroq boshlanishi kerak bo‘lgan tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”, deya qo‘shimcha qildi yangi saylangan federal kansler.
Nihoyat, u Ukrainaga yordamni kengaytirishga va’da berdi.
“Rossiya doimiy o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmaguncha, biz Rossiya harbiy mashinasiga bosimni oshirishda davom etamiz”, deya xulosa qildi siyosatchi.
“Ko‘ngillilar koalitsiyasi” deb atalmish tashkilotning uchrashuvlari bugun, 10 may kuni Kiyevda o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
“Ukrainada biz ham ko‘ngillilar koalitsiyasi yetakchilari bilan uchrashuvga tayyorlanyapmiz; oldinda jiddiy ishlar turibdi. Bizga bu koalitsiya kerak va u bizning umumiy qarashlarimizga muvofiq xavfsizlikni kafolatlash uchun yetarlicha kuchli bo‘lishi kerak”, deb ta’kidladi Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy.
“Ko‘ngillilar koalitsiyasi”ga, xususan, Germaniya, Buyuk Britaniya va Fransiya kiradi. Hammasi bo‘lib guruhga 30 ga yaqin davlat kiradi.
Live
Barchasi