Merkel Putinning tahdidini jiddiy qabul qilishga chaqirdi
Olam
−
28 Sentabr 2022
17125Germaniya sobiq kansleri Angela Merkel Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlarini jiddiy qabul qilish zarur, deb hisoblaydi. U sobiq federal kansler Gelmut Kol fondi ochilishida shunday fikr bildirdi.
“Biz uning so‘zlarini jiddiy qabul qilishimiz kerak. So‘zlarga jiddiy munosabatda bo‘lish, ularni boshidan shunchaki blef deb hisoblamaslik, balki jiddiy qabul qilish hech qanday zaiflik yoki tinchlanish belgisi emas, balki siyosiy donolikning belgisidir – manevr uchun imkoniyat beradigan donolik”, deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan DPA.
21 sentyabr kuni Putin safarbarlik boshlanishi munosabati bilan xalqqa qilgan murojaatida Rossiya hukumati o‘z hududlarini himoya qilish uchun “ixtiyorida bo‘lgan barcha vositalarni” ishga solishga tayyorligini, “bu blef emas”ligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Rossiyada safarbarlik boshlandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, rezervda bo‘lgan va tegishli harbiy mutaxassislik va jangovar tajribaga ega fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.
Hukumat portalida 35 yoshgacha bo‘lgan oddiy askar va serjantlar, 50 yoshgacha bo‘lgan kichik ofitserlar, 55 yoshgacha bo‘lgan katta ofitserlar birinchi navbatda safarbar qilinishi aytilgan. Safarbarlik ortidan rossiyaliklar ommaviy ravishda vatanini tashlab, xorijiy davlatlarga chiqib ketishni boshladi.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik doirasida 300 ming kishini armiyaga olish rejalashtirilgan. Shuningdek, Rossiya oxirgi 10 yilda fuqarolikka qabul qilingan markaziy osiyoliklarni ham harbiy xizmatga jalb qilmoqchi ekani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi