Men yanada jiddiyroq jazo berishlariga ham qarshi bo‘lmasdim – Ahmadjonov

Intervyu

image

Bir vaqtning o‘zida ikki klub bilan shartnoma imzolashda ayblangan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Aziz Turg‘unboyevning mojaroli ishi ortidan besh kishi, jumladan 2018 yilning katta qismida “Navbahor” bosh murabbiyi sifatida ishlab kelgan Ilhom Mo‘minjonov futbolga aloqador barcha turdagi faoliyatdan 1 yilga diskvalifikatsiya qilindi. Umid Ahmadjonov unga achinmasligi ochiq-oydin aytdi: 

“Men yanada jiddiyroq jazo berishlariga ham qarshi bo‘lmasdim, aslida. Biroq komissiya shu qarorga kelgan bo‘lsa, biz uni hurmat qilamiz. O‘z klubi uchun borini berish o‘rniga, uni talash, taron-taloj qilish haqida ko‘proq o‘ylaydigan kishilarga oramizda joy yo‘q. U kim bo‘lishidan qat’i nazar, kimningdir tuzini yeb, tuzlug‘iga tupurishi kerak emas. Bu hali hammasi emas, O‘FA inspeksiyasi boshqa masalalar yuzasidan ham tekshiruvlarni davom ettiradi. Agar kimdir totalizator yoki kelishilgan o‘yinlarda ham ishtirok etgan bo‘lsa, biryo‘la butun umrga chetlashtirish masalasi ko‘rib chiqiladi. Bu gap hammaga tegishli. Kim shunday ish qilgan, qachon qilgan, nimani istagan — ahamiyati yo‘q, poyezd ketib bo‘ldi. Hamma qilmishiga yarasha jazosini olmasa, futbol shunday nopokliklar sabab tag-tomiridan chirib ketyapti. Ularni hoziroq to‘xtatishimiz shart”.

MOQ Prezidenti Irismetov va Sarikov masalasiga ham to‘xtalgan. 
 
“Qo‘mita ularni ham chetlashtirgan. Komissiya a’zolari buni izohlab berishdi. Masalan, har ikki klubni ham jarimaga tortish mumkin edi. Keyingi safar klublar o‘z ishchilarini nazorat qilmasa, tiyib turmasa, ular ham jazodan chetda qolmaydi. Chunki har bir klub o‘z xodimlari uchun javobgardir”, deydi Ahmadjonov. 

MOQ prezidenti so‘zida davom etarkan, nafsi yo‘lida futbol rivojini chetga surib qo‘yganlar qonun oldida javob berishini aytadi:

“Nafsi yo‘lida futbol rivojini bir chetga surib qo‘ygan odam xoh yulduz bo‘lsin, xoh iqtidor egasi — birdek javob beradi. O‘zbekiston iqtidorlarga to‘la mamlakat, ularning o‘rni bo‘shab qolmaydi. Aslida mana shunday “bo‘rilar”ning borligi sabab ham qator iqtidorlar oyoq ostida, e’tibordan chetda qolib ketyapti. Futbolni tozalashda davom etamiz, aybdorlarga shafqat qilinmaydi. Prezidentimizning o‘zlari har sohada shunday siyosat olib boryaptilarmi, nega endi bu narsa futbolni chetlab o‘tishi kerak? Futbol xalq uchun, biz ularni alday olmaymiz. Shu kabi ishlar girdobida qolgani uchun ham stadionlardan odamlarning qadami uzilgandi. Oson bo‘lmaydi, sekin-sekinlik bilan muxlislarni qaytaramiz”.
 


Maqola muallifi

Teglar

UmidAhmadjonov IlhomMo'minjonov

Baholaganlar

54

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing