Ahmadjonov Turg‘unboyev mojarosi haqida: “Aziz yosh bola emas”

Intervyu

image

Avvalroq, bir vaqtning o‘zida ikki klub bilan shartnoma imzolashda gumon qilinayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Aziz Turg‘unboyevning mojaroli ishi ortidan besh kishi futboldan chetlashtirilgani haqida xabar bergan edik.
 
Mazkur masala yuzasidan O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov o‘z munosabatini bildirdi.
 
“Aziz Turg‘unboyev masalasi o‘z yechimini topdi. Bu ishda bir emas, ikki qo‘mita a’zolari mehnat qildi. Mojaroga aloqador deb gumon qilingan shaxslar birma-bir chaqirtirilib, so‘roq qilindi. Bu esa gap nimada ekanini aniqlashga yordam berdi”, deb gap boshlagan Ahmadjonov.
 
Qo‘mita a’zolar mazkur muammoli vaziyat yuzasidan ish olib borayotgan vaqtda Ahmadjonov ularning har biri bilan uchrashib, xilma-xil fikrlarga quloq tutganini aytadi.
 
“Ish boshlangan vaqtda hamma bilan uchrashdim. Gap-so‘zlar, murojaatlar, fikrlar xilma-xil bo‘layotgani, ularga e’tibor bermay, nizomlarda belgilab qo‘yilgani bo‘yicha adolatli qaror chiqarishlarini so‘radim. Ya’ni, bu yerda hech bir klubga yon bosish va kimnidir ayash shart emas edi. Har qanday holatda ham aybdorlar adolatli jazoga tortilsa, bu qolganlar uchun ham ogohlantiruvchi qo‘ng‘iroq bo‘lardi”.
 
Xo‘sh, futboldan chetlatilganlarning taqdiri nima bo‘ladi? Jazo jiddiy emasmi? Ahmadjonov bu savolga quyidagicha javob beradi:
 
“Birinchidan, Aziz yosh bola emas. Kelajagi haqida avvalo o‘zi o‘ylashi shart. Ikkinchidan, u milliy terma a’zosi bo‘ladimi yoki oddiy futbolchi — qonun-qoida hamma uchun bir. Uchinchidan, bunday holat mamlakat futbolida adashmasam birinchi bor bo‘layotgani yo‘q. Bungacha Ilhom Yunusov degan futbolchi ham ikki klub bilan shartnomaga imzo chekkani uchun 6 oyga chetlatilgan. Va to‘rtinchidan, qanday bosim bo‘lmasin, qanday ishontirishmasin, futbolchi o‘z haqini talab qilishni o‘rganishi kerak. Kimdandir qo‘rqsa, mana O‘FAga murojaat qilsin. Qaysidir futbolchining huquqlari poymol etilayotgan bo‘lsa, uni himoya qilishga kuchimiz yetadi”.


Maqola muallifi

Teglar

AzizTurg'unboev UmidAhmadjonov

Baholaganlar

83

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing