Men o‘z ishimni qilyapman – Srechko Katanets
Sport
−
20 noyabr
9916Jahon chempionati saralashi 3-bosqich 6-turidan o‘rin olgan KXDR-O‘zbekiston o‘yinidan keyin “oq bo‘rilar” bosh murabbiyi Srechko Katanets matbuot anjumanida qatnashib, jurnalistlar savollariga javob berdi.
“Birinchi taymni juda yaxshi o‘tkazdik, yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldik, lekin afsuski, ko‘p vaziyatlardan foydalana olmadik. 2-bo‘lim boshida Bobur Abduxoliqov yaxshi imkoniyatni golga aylantira olmadi, agar u gol ursa o‘yin ancha yengil kechishi mumkin edi”, deydi Katanets.
Murabbiy futbolchilarining nega uchrashuvda katta qiyinchilik bilan g‘alaba qozongani va penalti bilan bog‘liq holatga izoh berdi.
“Albatta, futbolda yo‘q joydan shunaqa holatlar ham bo‘lib turadi, lekin Yusupov zarbani qaytardi va kerakli natijaga ega bo‘ldik. Menimcha, to‘liq 90 daqiqa davomida yaxshi o‘yin ko‘rsatadigan jamoalar bo‘lmasa kerak. KXDR bilan qiyin sharoitda o‘yin o‘tkazdik. Yuqori namlik, vaqtdagi tafovut va Qatardan o‘yin oxirida o‘tkazilgan gol o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Asosiy futbolchilarsiz o‘yin o‘tkazgan bo‘lsak ham, KXDR bilan o‘yinda maydonga tushgan o‘yinchilar o‘zini ijobiy tomondan ko‘rsata oldi”, deydi mutaxassis.
Anjumanda Katanets Laosdagi maydonlar holati futbolchilarning sog‘ligi uchun xavfli ekanligini aytdi.
“Shu bilan birga, Osiyo futbol konfederatsiyasiga murojaat qilmoqchiman, Laosdagi maydonda to‘p tepish futbolchilarning sog‘ligi uchun xavfli. Bundan tashqari, mashg‘ulot maydonining sifati ham yomon darajada edi. Bu yerdagi tashkiliy masalalarda hech qanday e’tirozim yo‘q”, deydi mutaxassis.
Srechko Katanets keyingi o‘yinlar bilan bog‘liq savollarga ham javob berdi.
“Men o‘z ishimni qilyapman. Meni qo‘llab-quvvatlayotganlari uchun futbolchilarga minnatdorlik bildirmoqchiman. Biz 6 ta o‘yinda mavjud 18 ochkodan 13 tasini jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldik. Oldinda 4 ta o‘yin bor va biz 12 ochko uchun harakat qilishimiz kerak. Mundial yo‘llanmasini muddatidan avval naqd qilishga harakat qilamiz, biroq oxirgi o‘yingacha kurashadigan kayfiyatda bo‘lishimiz kerak. Asosiy futbolchilarsiz qiyin o‘yinlarda g‘alaba qozonish oson emas”, deya qo‘shimcha qildi Katanets.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq KXDR bilan bahsda O‘zbekiston terma jamoasining g‘alabasiga eng katta hissani qo‘shgan futbolchilardan biri, darvozabon O‘tkir Yusupov ham o‘z fikrlarini bildirgandi.
LiveBarchasi