Men nima deymanu, qo‘bizim nima deydi? Gapda bor, amalda yo‘q ishlar
Tahlil
−
31 dekabr 2025 7503 9 daqiqa
Har oyning birinchi sanasidan nimalar o‘zgaradi deb, yilning yakuniga ham yetib kelibmiz. Rostdan ham butun yil mobaynida nimalar o‘zgardi? Kimga qanday ta’sir qildi? Aslida jamiyatda ijobiy o‘zgarishlarga olib kelish uchun qabul qilinadigan hukumat qarorlari aholi turmush tarzini qanday o‘zgartirdi? Bizningcha, bularning hammasini sarhisob qilish vaqti keldi!
Avtobuslarda yo‘l haqi uchun naqd pul to‘lanmaydigan bo‘ldi
2025 yilning eng birinchi o‘zgarishlaridan biri Toshkent shahrida naqd pul qabul qilish amaliyoti to‘xtatilgani bo‘ldi. Yodingizda bo‘lsa, 1 yanvardan boshlab, to‘lovlar elektron tarzda, transport yoki bank kartalari orqali qabul qilina boshladi. Naqd pul berishni afzal ko‘rgan yo‘lovchilar uchun shahar bekatlarida infokioskalar o‘rnatildi.
Boshida o‘rganish qiyin bo‘ldi. Avtobuslarda naqd pul qabul qilish bekor qilinishi bilan transport yoki bank kartasi bo‘lmagan, mobil ilovalardan foydalanishni bilmaydigan yoki oddiygina yangilikdan xabari bo‘lmagan yo‘lovchilar orasida muammolar yuzaga keldi.
Biroq, bu o‘zgarish faqat yo‘lovchilarga emas, balki avtobusdagi haydovchidan tashqari yana bir muhim kasb egalari – naqd pul yig‘uvchi chiptachilar, xalq tilida aytganda “konduktorlar” faoliyatiga ham bevosita ta’sir qildi. Naqd pul bilan to‘lov amaliyotining bekor qilinishi natijasida ularning ishi to‘xtatildi. Endi avtobusga chiqqaningizda “yo‘lkirani tayyorlang” degan ogohlantirishlar yo‘q – har bir yo‘lovchi yo‘l haqini mustaqil va ongli ravishda karta yoki onlayn ilovalar orqali to‘lamoqda. Ammo guruch kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, yo‘l haqini to‘lamasdan yurganlar ham talaygina. Toshkent shahri jamoat transportida 2025 yilning 11 oyi davomida 19 500 dan ortiq yo‘l haqini to‘lamaslik holatlari aniqlangan. O‘tkazilgan reydlar davomida kuniga 350-400 kishi yo‘l haqini to‘lamagani sababli ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Ma’lumot uchun, jamoat transportida yo‘l haqini to‘lamaganlik uchun jarima BHMning o‘ndan bir qismini – 41 200 so‘mni tashkil etadi.
Elektr energiyasi va gaz tariflari oshirildi
Narxlarning ko‘tarilishi yangilik emas, yildan-yilga tabiiy jarayondek bo‘lib bormoqda. Talabga qarab taklif, iste’mol hajmiga qarab ishlab chiqarish ham oshib bormoqda. Bu yilgi narx o‘zgarishlaridan biri elektr energiyasi va gaz tariflarining keskin oshishi edi.
Joriy yil 1 maydan boshlab elektr energiyasi uchun bazaviy tarif 33 foizga va tabiiy gaz uchun esa 53,8 foizga oshirildi. O‘zbekistonda elektr energiyasi uchun ijtimoiy norma yil davomida oyiga 200 kVt/soat etib belgilandi. Mazkur bazaviy tarif uchun narxlar 2025 yilning 1 maydan boshlab 450 so‘mdan 600 so‘mga oshirildi. Gaz uchun esa 650 so‘mdan 100 so‘mgacha oshirildi. Shuningdek, maishiy iste’molchilarga 201 dan 500 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’moli uchun tarif 800 so‘mni (1000 so‘m o‘rniga), ko‘p qavatli uylar va elektr plitali yotoqxonalarda yashovchi iste’molchilar uchun esa 400 so‘mni (500 so‘m o‘rniga) tashkil etadi.
Bundan tashqari, 2026 yildan elektr energiyasi va gaz tariflari yillik inflyatsiya darajasini hisobga olgan holda, lekin 10 foizdan oshirmasdan har yili 1 maydan ko‘tarilib borishi belgilandi. Qisqasini aytganda, elektr energiya va gazdan qancha ko‘p foydalansangiz, shuncha ko‘p to‘laysiz.
Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar oshirildi
Yo‘lkira, oziq-ovqat, kiyim-kechak – hamma narsaning narxi oshib ketgan, ammo maosh yoki stipendiya oshishidan darak yo‘q, deydiganlarning og‘zi oshga yetdi. 1 iyuldan pensiya, nafaqalar, 1 avgustdan esa ish haqi hamda stipendiyalar 10 foizga oshirildi. Prezident farmoniga ko‘ra, kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari quyidagi miqdorda belgilandi:
- Yoshga doir eng kam pensiya 918 ming so‘m (834 000 so‘m o‘rniga), nogironlik pensiyasi 1 mln 12 ming so‘mni (920 000 som o‘rniga) tashkil etadi.
- Kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
- 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun – 360 000 so‘m;
- 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun – 275 000 so‘m;
- oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 165 000 so‘m;
- oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha – 110 000 so‘m.
3. Kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori 420 000 so‘m etib belgilandi.
2025 yil 1 avgustdan boshlab mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori amaldagi 1 mln 155 ming so‘mdan 1 mln 271 ming so‘mga oshirildi. Oxirgi marta ish haqi, pensiya va nafaqalar 2024 yil 1 sentyabr kuni 15 foizga oshirilgan edi.
Faqat qog‘ozda qolgan ekologik qarorlar
Iqlim o‘zgarishi oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy, siyosiy va ekologik muammolar nihoyat O‘zbekistonga ham yetib keldi. Avvallari ekofaollar, jurnalistlar umuman jamoatchilik, asosan Orol fojiasi haqida bong urib kelgan bo‘lsa, endilikda havo ifloslanishi kundalik muhokama mavzusiga aylandi. Xususan, Air Quality Index ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahri bir necha bor dunyoning eng havosi iflos shaharlar reytingida yuqori o‘rinlarni qayd etdi.
Aslini olganda, 2025 yil o‘z nomiga xos va mos bo‘ldi. Ya’ni, “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida ekologiyaga bo‘lgan etibor har qachongidan ham zarur edi. Kulrang shaharga aylanib qolgan poytaxtda odamlar niqobsiz ko‘chaga chiqishga qo‘rqib qolgan, kezi kelsa, toza havoni pulga sotib olishga tayyor edi.
Nihoyat, jamoatchilikni jiddiy tashvishga solayotgan muammo bu safar yerda qolmay, Prezidentgacha yetib bordi. Joriy yilning 19 noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev “Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon va “O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Farmonga ko‘ra, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etildi. Uning raisi etib Aziz Abduqahhorovich Abduhakimov tayinlandi. U bir vaqtning o‘zida Prezidentning ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini ham egallaydi. Qisqasini aytganda qo‘mita faoliyati har qanday davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil bo‘lib faqat Prezidentga hisob beradi.
Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 martdan boshlab ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida qonun talablariga rioya etmasdan ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan har qanday hujjatlarni qabul qilish, jumladan, davlat ekologik ekspertizasi xulosasini berish, daraxt va butalarni kesish yoki ko‘chirishni nazarda tutuvchi qarorlar chiqarish qat’iy taqiqlanadi.
Eng muhimi shuki, Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi – oddiy qilib aytganda Ekopolitsiya tashkil etildi. Ekologiya qo‘mitasi raisi bir vaqtning o‘zida Ekopolitsiya boshlig‘i hisoblanadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent va Jizzax viloyatlaridagi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha hududiy maxsus prokuraturalar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu o‘rinda, joriy yilning oktyabr oyi oxirida Toshkentning Yakkasaroy tumani Nukus va Bobur ko‘chalari kesishmasidan boshlab avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan jami 174 tup daraxt va buta moratoriy talablariga zid ravishda kesib tashlanganini eslab o‘tish zarur. Eng achinarli tomoni, buyruq Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Rahmonovning o‘sib turgan daraxtlar o‘rniga boshqa daraxtlar ekish to‘g‘risidagi topshirig‘iga asosan, obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan tungi vaqtda bajarilgan. Bu orqali tabiatga 1 mlrd 460 mln 952 ming so‘m zarar yetkazilgan. Ammo daraxtlar qirg‘ini ortidan Rahmonovga hech qanday chora ko‘rilmadi, u yana suvdan quruq chiqdi. 8 noyabr kuni obodonlashtirish boshqarmasi mansabdorlari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismiga (o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qonunga xilof ravishda kesish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lishi) asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi. Bu faqat biz bilgan va jamoatchilik muxokamasiga sabab bolgan daraxtkushlik holati, biroq bilmaganlarimiz qancha?!
Yuqoridagi Prezident qarori ijro qilinib ulgurmasdan Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida ham yana daraxtkushlik holati kuzatildi. Bu yerda ham muammo bir xil. Yana hokim o‘rinbosari mansab vakolatidan chetga chiqib, daraxtlarni himoya qilayotgan tuman ekologiya inspektoriga qarshilik ko‘rsatib, uni jamoat oldida sharmandalarcha yoqasidan ushlab olib ketgan. Bu holat qonun va farmon faqat qog‘ozda qolib ketayotgani, ammo bajarishga kelganda hatto hukumat vakillari ham oqsoqlanayotganligini ko‘rsatadi.
Endi dorilarni faqat retsept bilan olamiz
Joriy yilning 10 dekabridan boshlab nihoyat, O‘zbekistonda ham shifokor retseptisiz dori sotish taqiqlandi va DMED elektron retsept tizimi ishga tushirildi. Tomdan tarasha tushgandek, qabul qilinadigan ba’zi bir qaror va o‘zgartirishlar singari bu ham nafaqat odamlarda, balki soha vakillarida ham noroziliklarni keltirib chiqardi. Boshida mas’ullar tomonidan osongina qilib shifokor DMED orqali retsept yozadi, bemor esa ID yoki QR-kod bilan dorixonadan dori oladi, deb tushuntirildi. Ammo “gapda oson, ammalda qiyin” deganlar ham kam emas.
Aholi orasida “oddiy shamollash uchun ham shifokorga borishim shartmi, yetmaganday bitta retsept deb falon pulli shifokor qabuliga kiramanmi?” kabi savollar ko‘paydi. Bu e’tirozlarni inkor etib bo‘lmaydi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, antibiotiklar, gormonal preparatlar, psixotrop vositalar va “retsept bo‘yicha” deb ko‘rsatilgan istalgan dorilar faqat retsept asosida sotiladi. Shu bilan birga aholi ehtiyojlarini inobatga olgan holda, 1846 turdagi retsepsiz beriladigan dorilar ro‘yxati malum qilindi. Bularga 25 turdagi allergiyaga qarshi vositalar, 63 turdagi shamollash va O‘RV kasalliklarini davolash vositalari, 10 turdagi jig‘ildon qaynashini to‘xtatuvchilar, 71 turdagi vitaminlar va polivitaminlar, 47 turdagi surtmalar, 55 turdagi og‘riq qoldiruvchi va isitma tushiruvchilar, 118 turdagi antiseptiklar kiradi.
Yangi tizimning afzalligidan biri, retseptni soxtalashtirib bo‘lmaydi – shifokor, klinika va dorixona ma’lumotlari avtomatik tarzda qayd etiladi. Shu bilan birga, elektron retsept bilan faqat O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan preparatlar berilsa, farmatsevtlar preparatning seriyasi, tugash muddati va partiyasini tizimga kiritishi kerak. Shifokorlar esa preparatlarning harakati haqida onlayn kuzatish imkoniga ega bo‘ladi.
Joriy yilning 23 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorovning “Sog‘liqni saqlash sohasi bo‘yicha qabul qilingan rivojlantirish dasturlarida belgilangan vazifalarning ijrosi to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi. Yig‘ilishda, vazir deputatlarning yangi tizim yuzasidan kelib chiqqan savollariga javob berdi. Uning ma’lum qilishicha, 2025 yilning o‘zida dori vositalarini shifokor tavsiyasisiz qabul qilish oqibatida 24 mingdan ortiq murojaat qayd etilgan. Shundan 418 holatda anafilaktik shok, 7,017 holatda esa dori bilan zaharlanish tashxisi qo‘yilgan. Shuningdek, dori vositalari orqali o‘z joniga qasd qilish holatlari ham mavjud. Joriy hisobot davrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga 2 500 nafar bemor murojaat qilgan bo‘lib, ularning 1 500 nafari aynan dori qabul qilish orqali joniga qasd qilishga uringan.
Sog‘liqni saqlash tizmidagi ushbu o‘zgarishdan aholi orasidan yuzaga kelgan tushunmovchiliklarni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov keskin tanqid qilib, “Xalqimiz bilimli bo‘lishni, boy bo‘lishni xohlaydi, lekin o‘qishni xohlamaydi. Xuddi shunday, sog‘lom bo‘lishni xohlaydi, lekin sog‘lom bo‘lish uchun qilish zarur bo‘lgan harakatlarni qilmaydi” deb aytdi.
Ma’lumot uchun, “Elektron retsept” tizimi Toshkent shahri va normativ hujjatlar bilan belgilangan 15 ta tumanda joriy etilgan. Tizimni butun respublika bo‘ylab kengaytirish 2026 yil oxirigacha bosqichma-bosqich amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Bir yil davomida qabul qilingan qarorlar shuni ko‘rsatdiki, muammo qaror chiqarishda emas, uni bajarishda. Elektron tizimlar joriy etildi, farmonlar imzolandi, ammo ularning real hayotdagi ta’siri har doim ham kutilganidek bo‘lmadi.
Ekologik vaziyat jiddiy: tizimdagi muammolar faqat havo ifloslanib, nafas olish uchun toza havo qolmagan paytlardagina esga olinadi. Qolgan vaqtlarda esa, ayrim hokimlar va mansabdor shaxslar kayfiyatiga qarab, daraxtlar ildizi bilan qirib tashlanmoqda. Aholi esa doimgidek o‘zgarish va yangi tizimlarga ko‘nikishga majbur.
Live
Barchasi