Men Irlandiyaning birlashganini ko‘rishni istardim – Tramp

Olam

image

AQSH prezidenti Donald Tramp Irlandiya va Shimoliy Irlandiyaning birlashishini istashini aytdi. Bu haqda u Dublinga qilgan tashrifi chog‘ida jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.

Qayd etilishicha, Tramp bugun, 12 sentyabr kuni Dublinga borib, Irlandiya Bosh vaziri Mixol Martin bilan uchrashgan. Uchrashuvdan so‘ng jurnalistlar bilan suhbatda u Buyuk Britaniya tarkibidagi Shimoliy Irlandiyaning Irlandiya Respublikasi bilan birlashishini juda istashini bildirgan.

“Men uning birlashganini ko‘rishni istardim. Menimcha, bu oxir-oqibat sodir bo‘ladi va bu ajoyib narsa bo‘lar edi”, degan Tramp.

U birlashish masalasida Buyuk Britaniyaning ham so‘zi bo‘lishini tan olgan. Biroq Trampning bu bayonotlari AQSH prezidentlarining Shimoliy Irlandiya masalasida an’anaviy betaraf pozitsiyasidan farq qiladi.

Ma’lum qilinishicha, Trampning so‘zlari Shimoliy Irlandiyada Britaniya bilan birlikni saqlab qolish tarafdori bo‘lgan kuchli siyosiy doiralarning tanqidiga sabab bo‘lgan. Xususan, Demokratik Yunionistlar partiyasi rahbari Gevin Robinson Shimoliy Irlandiyaning konstitutsiyaviy kelajagini Vashington, London yoki Dublin emas, hudud aholisi belgilashini bildirgan.

Ayni paytda Buyuk Britaniya hukumati Irlandiya bilan birlashish bo‘yicha yangi referendum o‘tkazish masalasida o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan. Bunday referendum 1998 yilgi “Xayrli juma” kelishuviga ko‘ra Britaniya hukumati qarori asosida o‘tkazilishi mumkin.

Tramp, shuningdek, Irlandiya Prezidenti Ketrin Konnolli bilan ham uchrashgan. Konnolli unga Irlandiya xalqi urush va genotsidni odatiy hol sifatida qabul qilish mumkin emas, degan qat’iy qarashga ega ekanini bildirgan.

Bildirilishicha, Trampning tashrifiga qarshi Dublinda urushga qarshi namoyish ham o‘tkazilgan. Minglab odamlar shahar markazida yurish qilib, AQSH Prezidentining tashqi siyosatiga qarshi shiorlar aytgan.

Uchrashuvlardan keyin Tramp Irlandiyaning g‘arbida joylashgan o‘zining golf kurortida o‘tkazilayotgan Irish Open turnirini tomosha qilish uchun yo‘l olgan. Uning Irlandiyaga tashrifi 12–13 sentyabr kunlariga rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan urush joriy yilning 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan AQSH oraliq saylovlaridan keyin tugashini aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing