“Men buni boshqa darajada hal qilaman”. Peskovning o‘g‘li armiyaga qo‘shilishdan bosh tortdi

Olam

image

Rossiya Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskovning o‘g‘li Nikolay Ukrainadagi urushga ko‘ngilli sifatida borish niyatida emas. Bu haqda u o‘ziga Mudofaa bo‘limi xodimi sifatida qo‘ng‘iroq qilgan Rossiyaning “Ommaviy siyosat” ko‘rsatuvi boshlovchisi Dmitriy Nizovsevga jonli efir vaqtida ma’lum qildi.

Boshlovchi Dmitriy Nizovsev rossiyalik deputatlar, amaldorlar va ishbilarmonlarning farzandlariga qo‘ng‘iroq qilib, ularni chaqiruv komissiyasiga kelishga taklif qilgan.

Nizovsev harbiy komissar rolida Peskovning o‘g‘li Nikolayga qo‘ng‘iroq qilgan. Boshlovchi unga chaqiruv qog‘ozi jo‘natilganini aytib, ertaga ertalab soat 10:00 da Moskva harbiy komissiyasiga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun kelishni taklif qilgan.

“Ertalab soat 10:00 da, albatta, ertaga bormayman. Agar men janob Peskov ekanligimni bilsangiz, u yerda bo‘lishim qanchalik to‘g‘ri emasligini tushunishingiz kerak. Qisqasi, men buni boshqa darajada hal qilaman”, deydi Peskovning o‘g‘li.

Undan qaysi daraja haqida gapirayotganiga oydinlik kiritish so‘ralganda, u nima bo‘layotganini va uning qanday huquqlari borligini tushunishi kerakligini aytgan.

Shuningdek, Nikolay Peskov harbiy komissiyaga kelishdan oldin maslahatlashishini va unga nima deyishsa, shunday yo‘l tutishini aytgan. Siyosatchining o‘g‘li uni ko‘ngilli sifatida qayd etmaslikni so‘ragan.

Peskov o‘g‘lining chaqiruv komissiyasiga kelishdan bosh tortishini uning so‘zlari kontekstdan yulib olingani bilan izohlagan.

Ma’lumot o‘rnida, Nikolay Dmitriy Peskovning birinchi turmushidan o‘g‘li. U 32 yoshda. 2010-2012 yillarda u raketa qo‘shinlarida xizmat qilgan. Armiyada xizmat qilganidan so‘ng, u bir muncha vaqt “Russia Today”ning muxbiri bo‘lib ishladi.

Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Vladimir Putin Rossiyada qisman safarbarlik to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, unga ko‘ra birinchi bosqichda 300 ming Rossiya fuqarosi frontga boradi. Safarbarlik haqidagi qarordan keyin Rossiya bo‘ylab norozilik namoyishlari avj oldi. Hozirgacha 1000 dan ortiq odam hibsga olingan.


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

418

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing