“Men haddimdan oshib ketdim”. Lukashenko Zelenskiydan uzr so‘radi (video)
Olam
−
10:34 5760 2 daqiqa
Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko Belarusning Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga tortilishiga qarshi ekanini bildirib, Kiyevga Minsk tomonidan “mutlaqo hech qanday xavf yo‘qligini” aytdi hamda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga nisbatan avval aytgan keskin so‘zlari uchun uzr so‘radi. Bu haqda u “Al-Arabiya” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Intervyuda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan bu masalani muhokama qilganini va Moskva ham Belarusning mojaroga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashishidan manfaatdor emasligini ta’kidlagan.
“Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush Belarus hududiga ko‘chib o‘tishi mutlaqo mumkin emas. Belarusning bu urushga har qanday shaklda kirishi foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi”, degan Lukashenko Putinning so‘zlarini keltirib.
Shu bilan birga, u Belarus harbiy jihatdan zaifroq holatda ekanini va agar Ukraina Rossiyadagi kabi Belarus hududiga ham hujum qilsa, mamlakatning asosiy sanoat va logistika ob’ektlari nishonaga aylanishi mumkinligini aytgan.
Lukashenkoning ta’kidlashicha, Ukraina harbiylari Belarus hududidagi 500 ga yaqin ehtimoliy nishonni belgilab qo‘ygan.
Biroq u yana bir bor Ukrainaga Belarus tomonidan hech qanday tahdid yo‘qligini ta’kidlagan.
“Ukrainaga Belarus tomonidan mutlaqo hech narsadan qo‘rqishiga hojat yo‘q. Buni ular ham, harbiylar ham, Ukraina xalqi ham biladi”, degan Lukashenko.
Zelenskiyga nisbatan avval ishlatgan keskin iboralari haqida gapirar ekan, Lukashenko ayrim joylarda “haddan oshgan bo‘lishi mumkinligini” tan olgan.
“Balkim men qayerdadir haddan oshgandirman. Agar Vladimir Aleksandrovich bundan ranjigan bo‘lsa, undan uzr so‘rayman. Balki urush sharoitini hisobga olib, bunday keskin gapirmasligim kerak edi”, degan u.
Shu bilan birga, Lukashenko Zelenskiyni ehtiyotkorroq bo‘lishga va Belarusga nisbatan keskin bayonotlar bermaslikka chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina tomoni Belarus hududida harbiy faollik kuchayganini ma’lum qilgan va Rossiya Minskni urushga jalb qilishga urinishi mumkinligini bildirgan edi. Belarus esa faqat o‘ziga hujum qilingan taqdirda urushga kirishini ta’kidlab kelmoqda.
Live
Barchasi