Meloni Trampni yolg‘onchilikda aybladi (video)

Olam

image

Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni AQSH Prezidenti Donald Trampni yolg‘onchilikda ayblab, uning italiyalik jurnalistga bergan intervyusida Meloni Tramp bilan suratga tushish uchun “yolvorgani” haqidagi bayonotini uydurma deb atadi. Bu haqda Italiya hukumati rahbari o‘z bayorotida ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Tramp Italiyaning “La7” telekanaliga bergan qisqa intervyusida Meloni bilan suratga tushgani haqida so‘z ochgan.

“Meloni men bilan gaplashganidan xursand bo‘lgandir. Men u bilan gaplashishim shart emasdi. U men bilan suratga tushishni juda xohladi va shuni so‘radi. Aslida suratga tushmasdim, lekin unga rahmim keldi”, degan AQSH rahbari.

Bu so‘zlar Italiya hukumatida keskin norozilikka sabab bo‘lgan. Meloning o‘zi maxsus bayonot bilan chiqib, Trampning aytganlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan.

“Donald Trampning bayonotlari butunlay o‘ylab topilgan. Rostini aytsam, hayratdaman. Nega AQSH Prezidenti o‘z ittifoqchilariga nisbatan bunday munosabatda bo‘layotganini tushunmayman. Bu birinchi marta emas”, degan u.

Shuningdek, Meloni Trampni G‘arbning raqiblariga nisbatan ko‘proq muloyimlik ko‘rsatayotganlikda ham tanqid qilgan.

“Afsuski, u G‘arb va AQSHning dushmanlariga qarshi ham xuddi shunday qat’iyat ko‘rsatmayapti. Bir narsani eslab qolishi kerak: na men va na Italiya hech qachon birovga yolvormaydi”, degan Italiya Bosh vaziri.

Mojaro ortidan Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani kelasi haftaga rejalashtirilgan AQSH safari bekor qilinganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Trampning Bosh vazir Jorja Meloniga nisbatan aytgan haqoratomuz so‘zlari butun Italiyani haqorat qiladi.

Melonining eng yaqin siyosiy hamkorlaridan biri, Bosh vazir devoni davlat kotibi Jovanbattista Fatssolari ham Trampni qattiq tanqid qilgan. Uning fikricha, Tramp qasddan yoki noo‘rin xatti-harakatlari orqali AQSH va Yevropa o‘rtasidagi tarixiy munosabatlarga putur yetkazmoqda.

“Uning noo‘rin chiqishlari AQSHni butun Yevropa bo‘ylab nomaqbul davlatga aylantirib qo‘ydi. Bu nafaqat Yevropaga, balki eng avvalo AQSHning o‘ziga zarar yetkazmoqda”, deb ta’kidlagan Fatssolari.

Qayd etish joiz, Meloni avval Trampning Yevropadagi eng yaqin siyosiy tarafdorlaridan biri hisoblangan. U hatto 2025 yildagi inauguratsiya marosimida qatnashgan yagona Yevropa yetakchisi bo‘lgan. Biroq joriy yilda Eron bilan bog‘liq mojaro yuzasidan Tramp va Meloni o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘lgan va ikki tomon munosabatlari soviy boshlagan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp “Katta yettilik” (G7) sammitining rivojlanish masalalariga bag‘ishlangan sessiyalaridan biriga kechikib yetib borgan va xonaga kirishda hazil aralash “Bu yerda xo‘jayin menman” (I'm the boss), deb aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Meloni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing