Medvedchukning rafiqasiga tegishli 12 million dollarlik mol-mulk hibsga olindi
Olam
−
24 mart 2023 7399 2 daqiqa
Zaporojeda ukrainalik siyosatchi Viktor Medvedchukning rafiqasi Oksana Marchenkoning yana bir mol-mulki hibsga olindi. U rus bosqinchi guruhlarini moliyalashda gumon qilinmoqda. Bu haqda Ukraina xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Marchenkoning offshor kompaniyalari orqali Zaporojedagi “Dneprospetsstal” zavodining aksiyalariga egalik qilgan. Uning taxminan 12 million dollar miqdoridagi yashirin aktivlari hibsga olingani aytilmoqda.
Aktivlarning xatlanishi ularni qayta ro‘yxatdan o‘tkazishdan himoya qiladi va Ukraina foydasiga rasmiylashtirish imkonini beradi.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning 23 fevral kuni Viktor Medvedchukning rafiqasi Oksana Marchenkoning 153 million dollarlik mulki hibsga olingan edi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili, 12 aprel kuni Prezident Zelenskiy Medvedchuk hibsga olingani haqida e’lon qildi va uning kishanlangan suratlarini joyladi. Shu bilan birga, Prezident Moskvaga uni ukrainalik harbiy asirlarga almashtirishni taklif qildi.
Kreml Zelenskiyning taklifiga javoban ukrainalik muxolif siyosatchi Viktor Medvedchukni asirga olingan ukrainalik harbiy xizmatchilarga almashtirish imkoniyatini ko‘rmayotganini — u Rossiya Federatsiyasi fuqarosi emasligini va “maxsus operatsiya”ga hech qanday aloqasi yo‘qligini bildirdi.
2022 yilning sentyabr oyida Kiyev siyosatchi Viktor Medvedchuk va 55 nafar rus askarini Moskvaga topshirdi. Medvedchuk 215 nafar ukrainalik askarga, jumladan, Mariupolning “Azovstal” zavodi himoyachilari va “Azov” polki qo‘mondonligiga almashtirilgan.
Ukraina parlamenti deputati, “Oppozitsionnaya platforma – Za jizn” partiyasi yetakchisi Viktor Medvedchuk kremlparast va Prezident Vladimir Putinga yaqin siyosatchi hisoblanadi. U ikki jinoiy ish bo‘yicha davlatga xiyonatda gumon qilingan.
2021 yil 12 mayda deputatga ishg‘ol qilingan Qrimda milliy boyliklarni talon-toroj qilish, davlat sirlarini oshkor qilish va davlatga xiyonat qilish, urush qonunlari va odatlarini buzish va Ukrainaga qarshi qo‘poruvchilik faoliyatini amalga oshirish (Jinoyat kodeksining 111 va 438-moddalari) ayblovi qo‘yilgan.
O‘sha yilning oktyabr oyida Medvedchukga “ko‘mir ishi” nomini olgan (Jinoyat kodeksining 111-moddasi va 258-3-moddasi 1-qismi) ish bo‘yicha xiyonat va terrorizmga sheriklik ayblovi e’lon qilingan.
Javohir Qadamov
Live
Barchasi