Medallar uchun kurashish maqsadida keldik – Ravshan Haydarov

Sport

image

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov Osiyo o‘yinlarida medallar uchun kurash olib borishini aytib o‘tdi. Bu haqda Haydarov Filipinga qarshi o‘yin oldidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.

“Osiyo o‘yinlari qit’amiz uchun juda katta musobaqa. Uni ko‘plab sport turlari ishtirok etadigan kichik Olimpiada, deb hisoblash mumkin. Barcha turnir ishtirokchilariga, guruhimizdagi raqiblarimizga o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlariga erishishlarini tilayman. O‘zbekiston musobaqada munosib ishtirok etish uchun eng sara sportchilari bilan tashrif buyurdi. Biz ham ushbu nufuzli turnirga yil davomida tayyorgarlik olib bordik. Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib, medallar uchun kurashish maqsadida keldik”, deydi mutaxassis.

Haydarov musobaqaning yuqori saviyada tashkil etilishiga umid bildirgan.

“Avvalo, tashkilotchilarga minnatdorchilik bildiramiz. Bunday katta musobaqani qabul qilayotgan Yaponiyaga rahmat aytamiz. Tashkiliy jihatdan bu yurt har doim musobaqalarni yuqori saviyada o‘tkazib kelgan. O‘ylaymanki, bu turnir ham yuqori darajada tashkil etiladi”, deydi u.

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi bosh murabbiy jamoaning vaqt farqi va iqlimga moslashish jarayoni haqida ham ma’lumot bergan.

“Vaqt tafovutiga moslashish ishlarini Toshkentdagi yig‘indan boshlaganmiz. Yaponiya bilan oramizda 4 soat farq bor. Shunga yarasha futbolchilarning moslashish ko‘nikmalarini shakllantirdik. Toshkentdagi yig‘indan keyin Xitoyning Dalyan shahrida tayyorgarlikni davom ettirdik va nazorat uchrashuvini o‘tkazdik. U yerning iqlimi ham Yaponiyanikiga o‘xshash, vaqt farqi esa bir soatni tashkil etadi. O‘ylaymanki, vaqt va iqlim masalasida muammolar bo‘lmaydi. Futbolchilarimiz zarur moslashuvni amalga oshirib bo‘lishdi”, deydi murabbiy.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Osiyo o‘yinlaridagi ishtirokini ertaga, 15 sentyabr kuni Filippinga qarshi bahs bilan boshlaydi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 11:30 da Nagoya shahridagi “Minato Sokker Fiyeld” stadionida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq futbol bo‘yicha, O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Osiyo o‘yinlaridagi dastlabki turda Filippinga qarshi bahsda 1:1 hisobida durang o‘ynagandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing