MDH davlatlari razvedkasi rahbarlari Samarqandda yig‘iladi
Jamiyat
−
15 Oktabr 4822 2 daqiqa
Joriy yilning 16-17 oktyabr kunlari Samarqand shahrida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligiga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari Kengashining 57-majlisi hamda MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va razvedka xizmatlari rahbarlarining 21-majlisi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ushbu majlislarda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston maxsus xizmatlari rahbarlari ishtirok etadi.
Tadbirlarda, shuningdek, MDH Ijroiya qo‘mitasi va MDHga a’zo davlatlar Aksilterror markazi vakillari ham qatnashadi.
Ushbu anjumanlardan ko‘zlangan asosiy maqsad Hamdo‘stlik makonida xavfsizlikni ta’minlash, shu jumladan, xalqaro terrorizm va ekstremizm, transmilliy uyushgan jinoyatchilik, axborot xavfsizligiga tahdidlar, shuningdek, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy xalqaro aylanmasiga qarshi kurashish borasida hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Yig‘ilishlar davomida zamonaviy tahdidlar va o‘zaro harakatlarni muvofiqlashtirishga oid keng qamrovli masalalar ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Muzokaralar yakunida delegatsiyalar rahbarlari mintaqaviy va global xavfsizlikni ta’minlash borasida o‘zaro hamkorlikning aniq vazifa va yo‘nalishlarini belgilab oladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 7 oktyabr kuni Ozarbayjonning Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev global vaziyatni chuqur tahlil etish va kerakli qarorlar qabul qilish maqsadida Turkiy davlatlar tashkiloti tashqi ishlar vazirlari va maxsus xizmatlar rahbarlarining birgalikdagi uchrashuvlarini muntazam o‘tkazib borishni ham zamonning o‘zi taqozo qilayotganini qayd etib, birinchi qo‘shma uchrashuvni kelgusi yili Samarqand shahrida o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqandi.