MDH davlatlari migratsiya masalasida moslashuvchan bo‘lishi kerak – Bobojonovning o‘rinbosari
Jamiyat
−
28 Sentabr 2023
4745Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari migratsiya sohasida samarali hamkorlik qilmoqda, ammo yangi muammolar uning oqimini boshqarishda yanada moslashuvchan yechimlarni talab qiladi. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Shavkat Rahmonov ma’lum qildi.
“So‘nggi yillarda bizning sa’y-harakatlarimiz va hamkorligimiz migratsiyani boshqarish va migrantlar huquqlarini himoya qilish sohasida muhim yutuqlarga erishdi. Biroq, oldimizda hali ham murakkab vazifa va muammolar turibdi. Jahon voqealari va jamiyatdagi o‘zgarishlar bizdan yanada moslashuvchan va samarali qarorlar qabul qilishni talab qiladi”, deydi Rahmonov Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan MDH davlatlari migratsiya organlari rahbarlari kengashining 27-yig‘ilishida.
U so‘nggi yillarda MDH davlatlari birgalikdagi sa’y-harakatlari natijasida migrantlarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy moslashuvi va integratsiyasi, shuningdek, noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha kelishuvlar va o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishga erishganini bildirgan.
“Yangi texnologiyalar va rivojlanayotgan xalqaro munosabatlar migratsiyaning yangi jihatlarini yuzaga keltirmoqda, biz ularni hisobga olishni o‘rganishimiz kerak”, deydi Rahmonov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan tadbir davomida uning ishtirokchilari o‘zaro tajriba almashishlari va yangi shart-sharoitlarni hisobga olgan holda migratsiyani boshqarishning yangi strategiyasini ishlab chiqishlari mumkin.
Joriy yig‘ilishda MDH mamlakatlaridagi migratsiya holati va 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlik dasturining amalga oshirilishiga oid ma’ruzalar muhokama qilinishi kutilmoqda. Kengash yig‘ilishida hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘llarini aniqlash hamda noqonuniy migratsiyaga chek qo‘yish bo‘yicha chora-tadbirlar va maxsus operatsiyalarni o‘tkazish bo‘yicha tajriba almashish rejalashtirilgan. Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari migratsiya xizmatlari sohasida hujjat aylanishini raqamli transformatsiya qilish, tegishli sohadagi milliy qonunchilikdagi o‘zgarishlar va Hamdo‘stlik mamlakatlari migratsiya organlarining huquqni qo‘llash amaliyoti masalalarini ham ko‘rib chiqadilar.