MB so‘m “qulamasligi” uchun necha mlrd dollar ishlatgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Joriy yilning I choragida Markaziy bankning ichki valyuta bozoriga intervensiyalari hajmi 2,4 mlrd dollarni (26,8 trln so‘m ekvivalenti) tashkil etib, 2021 yilning so‘nggi choragiga nisbatan 19 foizga ko‘p bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan “Banklararo pul bozori sharhi”da keltirilgan.

Qayd etilishicha, intervensiyalar hajmining ortishi tashqi xatarlar sharoitida milliy valyuta almashuv kursida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan keskin tebranishlarni yumshatishga xizmat qilgan. 2022 yilning yanvar-fevral oylarida banklararo pul bozoridagi holat bank tizimi umumiy likvidligining mavsumiy qisqarishi ta’sirida shakllangan bo‘lsa, mart oyida iqtisodiyot sub’ektlarining devalvatsion kutilmalari ortishi hisobiga xorijiy valyutaga bo‘lgan talabning ko‘payishi sababli so‘mdagi likvidlik hajmining sezilarli kamayishi hamda oyning ikkinchi yarmida pul-kredit sharoitlari va operatsiyalariga kiritilgan o‘zgartirishlar fonida shakllangan.

Shuningdek, banklarning banklararo pul bozoridagi depozit operatsiyalari hajmining pul-kredit instrumentlariga nisbati 2021 yil yakunidagi 30 foizdan mart oyida 42 foizgacha ortgan. Ushbu holat, umumiy likvidlikning kamayishi fonida Markaziy bankning likvidlikni jalb etish operatsiyalari hajmining ma’lum darajada qisqarishi bilan izohlangan. Chorak davomida banklararo pul bozorida faollikning ortishi kuzatilib, o‘tgan yilning IV choragi bilan solishtirganda 1,3 barobarga ortiq, jami 27,7 trln so‘mlik operatsiyalar amalga oshirilgan.

Mart oyida pul bozoridagi faollik yanada ortib, jami 12,5 trln so‘mlik depozit operatsiyalari amalga oshirilgan va bu banklar tomonidan mijozlar uchun xorijiy valyuta xaridining ko‘payishi hisobiga so‘mdagi likvidlikka bo‘lgan ehtiyojning oshgani bilan izohlangan. Inflyatsiya darajasini hisobga olganda, chorak davomida pul bozoridagi real foiz stavkalari ijobiy darajada shakllanib, Markaziy bank asosiy stavkasining oshirilishi fonida mart oyida o‘rtacha real foiz stavkasi 4,2 foizgacha ko‘tarilgan va “qat’iy” pul-kredit sharoitlarini hosil qilgan.

Markaziy bank obligatsiyalari qoldig‘i yanvar oyi yakunidagi 14,6 trln so‘mdan mart oyi yakunida 10,5 trln so‘mgacha qisqargan bo‘lsa, kunlik o‘rtacha overnayt depozit operatsiyalari hajmi mart oyida yanvarga nisbatan 34 foizga kamaygan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

376

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing