MB qayta moliyalash stavkasini o‘zgarishsiz qoldirdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank Boshqaruvining joriy yilning 19 oktyabrdagi qarori bilan qayta moliyalash stavkasi yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirildi.

Mazkur qarorni qabul qilishda iqtisodiyotda inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar dinamikasining saqlanib qolishi, bir martalik inflyatsion shoklarning yuzaga kelishi sharoitida foiz stavkalarini yanada oshirishda xorijiy valyutadagi kreditlar o‘sishi hamda kredit bozorida segmentatsiyaning kuchayishi borasidagi ayrim xavotirlarning mavjudligi va tijorat banklari moliyaviy barqarorligini ta’minlash vazifalarini inobatga olib, ehtiyotkorona yondashuvni qo‘llash zaruriyatidan kelib chiqildi.

Joriy yilning dastlabki 7 oyida iqtisodiyotda inflyatsion jarayonlar bazaviy prognoz ssenariysiga asosan rivojlanib bordi. Mazkur ssenariyda iste’mol narxlarining yillik o‘sish prognozi 13,5-15,5 foiz oralig‘ida bo‘lishi nazarda tutilgan edi.

Lekin, joriy yilning III choragida muqobil ssenariyda nazarda tutilgan alohida inflyatsion xatarlar vujudga keldi va inflyatsiyaning tezlashishiga sabab bo‘ldi.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

Joriy yilning 9 oyida respublika bo‘yicha iste’mol narxlari o‘rtacha 9,7 foizga o‘sdi. Ayni paytda, joriy yilning yanvar – iyul oylarida yillik inflyatsiya o‘rtacha hisobda 13,5-13,7 foiz darajasida saqlanib qolgan bo‘lsa, avgust oyida investitsion kreditlar va davlat xarajatlari oshishining tezlashishi, so‘m devalvatsiyasi bilan izohlanadigan fundamental omillar hamda elektr energiyasi va gaz narxlarining oshirilishi, ish haqi va pensiya to‘lovlarining indeksatsiya qilinishi bilan yuzaga keladigan qisqa muddatli omillarning ta’siri hisobiga 16,5 foizgacha ko‘tarildi va prognoz koridoridan yuqori bo‘ldi.

Sentyabr oyida yillik inflyatsiya 16 foizgacha sekinlashdi. Bu esa yuqorida sanab o‘tilgan omillar asosan vaqtinchalik xarakterga ega ekanligini tasdiqlaydi. Joriy yilning qolgan davrida bir martalik shoklar ta’sirining asta – sekin kamayib borishi sharoitida iste’mol narxlari o‘sish sur’ati bosqichma-bosqich sekinlashadi va prognoz koridorining yuqori chegarasi – 15,5 foizga yaqin darajada shakllanadi.

Shuningdek, bir qator import tovarlariga QQS bo‘yicha imtiyozlarning bekor qilinishi, un va non narxlarining erkinlashtirilishi hisobiga oktyabr oyida inflyatsiya darajasining bir muncha tezlashishi taxmin qilinmoqda.

2019 yilning o‘tgan davrida shakllangan yillik inflyatsiya darajasiga asosan oziq-ovqat narxlari va xizmatlar tariflari (tartibga solinadigan narxlar) oshishi hisobiga vujudga keldi. Mazkur narxlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan mos ravishda 17,5 va 19,5 foizga oshdi. Bunda, yanvar-sentyabr oylarida iste’mol narxlari indeksi oshishiga eng katta ulush xizmatlar tariflari oshishi hissasiga to‘g‘ri keladi (joriy yil 9 oyida 4,3 foiz band, o‘tgan yilning 9 oyida 2,6 foiz band bo‘lgan).

Joriy yilning avgust oyida qisqa muddatli omillar (tartibga solinadigan tariflar va narxlarning oshirilishi, ish haqlarini indeksatsiya qilinishi) ta’siri sababli qisqa muddatli inflyatsion kutilmalarning ma’lum darajada oshishi ro‘y berdi, lekin sentyabr oyi oxiriga kelib ularning trendida pasayish kuzatildi.

Shu bilan birga, joriy yilning sentyabr oyida o‘rta muddatli inflyatsion kutilmalar pasayishi, qisqa muddatli kutilmalarga nisbatan sekin bo‘ldi. Bu, asosan, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari kutilmalari shakllanishining moslashuvchan xususiyatga ega ekanligi hamda ularda kelgusida narxlar oshishi borasida noaniqliklarning saqlanib qolayotganligi bilan izohlanadi.

Joriy yilning 9 oyida makroiqtisodiy sharoitlar ichki talabning yuqori o‘sish sur’atlari ta’sirida shakllandi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra joriy yilning yanvar-sentyabr oylarida YAIMning real o‘sish sur’ati o‘tgan ikki chorakdagi ko‘rsatkichlar darajasida saqlanib qoladi. Bunda, tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotni faol kreditlashning amalga oshirilishi va davlat xarajatlarining o‘sishi hisobiga shakllangan talab omillari iqtisodiy o‘sishning asosiy omili bo‘ldi.

2019 yilning iyul-avgust oylarida ichki va tashqi omillar ta’sirida xorijiy valyutaga talabning jadallashuvi kuzatildi va natijada, milliy valyuta devalvatsiyasi tezlashdi. Xususan, 2019 yil yanvar-iyul oylarida dollar almashuv kursi 4 foizga oshib, oylik o‘sish sur’ati o‘rtacha 0,6 foizni tashkil etgan bo‘lsa, avgust oyida almashuv kursining keskin o‘sishi (8,2 foiz) kuzatildi. Ayni paytda, sentyabr oyiga kelib dollar almashuv kursi yana o‘zining oldingi trendiga qaytdi va oylik o‘sish sur’ati 0,5 foizgacha sekinlashdi.

Pul-kredit siyosati

Joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha iqtisodiyotga ajratilgan kreditlar qoldig‘i 38,3 foizga (38,6 trln. so‘mga) o‘sdi. Bunda, milliy valyutada kreditlar joriy yil boshidan 34,3 foizga oshdi. Ushbu kreditlar 2018 yilning mos davrida 61,1 foizga o‘sgan edi.

Pul-kredit siyosati sharoitlari kreditlar bozoriga turli xil ta’sirga ega bo‘lib, milliy valyutadagi tijorat kreditlarining o‘sish sur’atida ma’lum darajada sekinlashish kuzatilayotgan bo‘lsa, chakana kreditlar (iste’mol kreditlari) ajratilishida bir muncha yuqori o‘sish sur’atlari bilan tasniflanadi. Shuningdek, nisbatan past foiz stavkalari sharoitida xorijiy valyutadagi kreditlar o‘sishinig tezlashishi kuzatildi.

Valyuta va chakana kreditlarning pul-kredit siyosati sharoitlari o‘zgarishiga kam ta’sirchanligi sababli, Markaziy bank pul-kredit siyosati samaradorligini yanada oshirish makroprudensial nazorat choralarini qo‘llashni faollashtirishni taqozo etadi.

Bundan tashqari, iqtisodiyotda foiz stavkalarining bosqichma-bosqich erkinlashtirilishi hamda bir vaqtning o‘zida kreditlash shartlari va mexanizmlarining bozor yondashuvlari asosida takomillashtirilishi transmission mexanizm “kredit kanali” ishlashi samaradorligini yanada oshirishga yordam beradi.

Mazkur davrda aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari o‘sishi 43,6 foizni tashkil qildi. Ushbu depozitlarning jami milliy valyutadagi depozitlar tarkibidagi ulushi 
33 foizga yetdi (2018 yilning mos davrida – 23,5 foiz).

Prognoz va xatarlar. Qayta moliyalash stavkasining yanada oshirilishi imtiyozli kreditlash mezonlariga mos kelmaydigan iqtisodiyot tarmoqlari uchun pul-kredit siyosati sharoitlarining yanada qat’iylashishiga olib kelishi mumkin.

Iqtisodiyotning hozirgi rivojlanish jarayonida, nafaqat narxlar barqarorligini, balki moliyaviy barqarorlikni ham ta’minlash maqsadida Markaziy bank pul-kredit siyosatini yuritishning ehtiyotkorona yondashuvini tanlash zarurati tug‘iladi va bu makroiqtisodiy muvozanatning ajralmas qismi hisoblanadi. O‘z navbatida, makroprudensial choralar kreditlar o‘sish sur’atlarini sekinlashtirib, pul-kredit siyosati maqsadlariga xizmat qiladi.

Shuning uchun qayta moliyalash stavkasining hozirgi darajasida o‘zgarishsiz qoldirilishi bilan bir paytda Markaziy bank moliyaviy bozor nobarqarorligining oldini olish va butun iqtisodiyotdagi moliyaviy muvozanatni ta’minlash maqsadida banklarning yuqori kreditlash faolligini tiyib turishga qaratilgan makroprudensial nazorat choralarini ko‘radi.

Shuningdek, bugungi kunda Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi milliy valyutadagi depozitlar va kreditlar bo‘yicha ijobiy real foiz stavkalarini ta’minlab beruvchi, iqtisodiyot uchun maqbul darajada shakllangan.

Kreditlash sur’atlarining yanada mo‘’tadillashishini, shuningdek oldinroq vujudga kelgan inflyatsion xatarlar (ish haqi va pensiyalarning indeksatsiya qilinishi, elektr energiyasi va gaz tariflarining ko‘tarilishi, so‘m devalvatsiyasi)ni hisobga olgan holda yil oxirigacha inflyatsiyaning sekinlashishi va bazaviy prognoz koridorning 15,5 foizli yuqori chegarasiga yaqin darajada shakllanishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Markaziy bank qayta moliyalash stavkasi

Baholaganlar

1

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing